Ba’zi muvaffaqiyatlar bir necha oyda emas, yillar davomida qilingan mehnat evaziga qo‘lga kiritiladi. Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi 10-maktab bitiruvchisi Zokirov Behruzbek Zarifjon o‘g‘li ham ana shunday yoshlar safidan. U bir nechta milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Behruzbek ingliz tilidan CEFR B2, tarix fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, matematika fanidan esa B darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Endilikda u Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar fakultetida tahsil olishni maqsad qilgan.
Yosh bitiruvchining aytishicha, sertifikatlar haqidagi ilk ma’lumotni 9-sinfda eshitgan. Aynan o‘sha paytdan boshlab o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.
Sertifikatlar haqida 9-sinfda bilganman. Shundan keyin o‘zim ustimda ishlashni boshladim. Har bir natija ortida tinimsiz mehnat va sabr borligini aynan shu jarayonda his qildim, — deydi Behruzbek.
Tayyorgarlik davomida barcha fanlardan asosan to‘garaklarda shug‘ullangan. Ayniqsa, ingliz tili va matematika fanlari unga ko‘proq mehnat talab qilgan.
Eng katta qiyinchilik ingliz tili va matematika fanlarida bo‘ldi. Ammo ustozlarimning yordami va muntazam mashg‘ulotlar natijasida bu fanlardan ham kerakli natijaga erishdim, — deydi u.
Behruzbekning muvaffaqiyati nafaqat ta’lim, balki vaqtni to‘g‘ri boshqarish bilan ham bog‘liq. U o‘qish bilan bir qatorda suratga olish bilan ham shug‘ullanadi.
Menimcha, vaqtni to‘g‘ri taqsimlay olgan inson bir vaqtning o‘zida ham o‘qishi, ham ishlashi mumkin. Men fotografiya orqali daromad topaman. Bilim olish va daromad qilishni birgalikda olib borish menga zavq bag‘ishlaydi, — deydi u.
Bugungi kunda Behruzbek erishgan natijalar bilan to‘xtab qolishni istamaydi. Hozirda u xalqaro darajadagi SAT sertifikati natijasini kutmoqda. Bu esa uning kelgusida yanada katta marralarni ko‘zlayotganidan dalolat beradi.
Behruzbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 10-sinfda muddatidan oldin talaba bo‘lgan qashqadaryolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
