1-iyuldan magistraturaga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Biroq joriy yil uchun magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati hali e’lon qilinmagan. Vazirlik Call-markazi ma’lumotiga ko‘ra, talabgorlar hozircha o‘tgan yilda tasdiqlangan ro‘yxat asosida hujjat topshirishi mumkin.
Xabaringiz bor, 1-iyuldan davlat oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga hujjatlar qabuli boshlangan. Arizalar 30-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. 13-iyul soat 17:47 holatiga ko’ra, magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirgan talabgorlar soni 20 ming 609 nafarga yetgan.
Onlayn ariza topshirishda bakalavr diplomi hamda xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat talab etiladi.
Magistraturaga hujjat topshirishda talabgorning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi tanlagan magistratura mutaxassisligiga turdosh bo‘lishi lozim.
Shu sababli tahririyatimizning murojaatlar botiga joriy yil uchun magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati qachon e’lon qilinishi yuzasidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Call-markazi 1006 raqami bilan bog‘landik.
Call-markazining ma’lum qilishicha, 2026-yil uchun magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati hozircha e’lon qilinmagan. Biroq talabgorlar hujjat topshirishda o‘tgan yilda tasdiqlangan turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatidan foydalanishlari mumkin.
Agar joriy yil uchun yangi ro‘yxat e’lon qilinib, unda o‘zgarishlar bo‘lsa, qabul yakuniga qadar talabgorlar o‘z arizalarini tahrirlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hozircha vazirlik tomonidan turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati qachon e’lon qilinishi yuzasidan rasmiy muddat ma’lum qilinmadi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati 25-iyul kuni e’lon qilingan edi. Aynan shu kuni magistratura bo‘yicha qabul kvotalari ham tasdiqlangan edi.
2025/2026-oʻquv yili qabuli uchun magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati — Faylni yuklash
Eslatib o‘tamiz, avvalroq magistratura qabulida SAT sertifikati beradigan imtiyozdan qanday foydalanish mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
