Magistraturaga qabul boshlandi: kimlardan xorijiy til sertifikati talab etilmaydi?

Magistraturaga qabul boshlandi: kimlardan xorijiy til sertifikati talab etilmaydi?

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga hujjatlar qabuli boshlandi. Talabgorlar 30-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, hujjat topshirishi mumkin. Ayrim toifadagi talabgorlardan esa xorijiy til sertifikati talab etilmaydi.

 

2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlandi.

 

Qabul jarayoni 1–30-iyul kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining my.edu.uz platformasi orqali onlayn amalga oshiriladi.

 

Onlayn ariza topshirishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

 

— bakalavr diplomi;

 

— xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat.

 

Magistratura mutaxassisliklari kesimida talab etiladigan xorijiy til sertifikatlari ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.

 

Quyidagi toifadagi talabgorlardan xorijiy til sertifikati talab etilmaydi:

 

— Prezident va nomli davlat stipendiyalari sohiblari, davlat mukofoti sovrindorlari hamda respublika fan olimpiadalari g‘oliblari;

 

— Nogironlik ma’lumotnomasi mavjud (ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar);

 

— bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tilda tamomlagan bitiruvchilar.

 

Shuningdek, College Board tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT xalqaro imtihonida eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natija qayd etgan hamda tamomlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirayotgan talabgorlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan talabgorlar SAT sertifikatlarini albatta elektron tarzda, maxsus DI kod orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuborishlari shart.

 

Faqat DI kod orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Sertifikatni qo‘lda yuklash yoki skrinshotlarini taqdim etish qabul qilinmaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, magistraturaga hujjatlar qabuli 30-iyul (shu kuni ham) yakuniga qadar davom etadi.