O‘zbekistonda ta’lim kreditlari bo’yicha qarzdorlik kamaydi

O‘zbekistonda ta’lim kreditlari bo’yicha qarzdorlik kamaydi

Joriy yilning sakkiz oyida fuqarolarning banklardan olgan kreditlari qoldig‘i 23,3 trillion so‘mga ko‘paydi. Eng katta o‘sish mikrokreditlar hamda boshqa turdagi qarzlar hisobiga kuzatildi.

 

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning banklar oldidagi kredit qarzdorligi 243,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Yil boshida bu ko‘rsatkich 220,3 trillion so‘m bo‘lgan.

 

Kredit turlari kesimida qarzdorlikning eng katta qismi ipoteka kreditlariga to‘g‘ri kelmoqda. Fuqarolarning uy-joy sotib olish uchun olgan kreditlari qoldig‘i 89,7 trillion so‘mga yetgan.

 

Mikroqarzlar bo‘yicha qarzdorlik 51,3 trillion so‘mni, mikrokreditlar 48,2 trillion so‘mni, avtokreditlar esa 41 trillion so‘mni tashkil qilgan. Ta’lim kreditlari qoldig‘i 6,85 trillion so‘mga teng bo‘lgan.

 

O‘sish sur’atlari bo‘yicha boshqa kreditlar, jumladan, kredit kartalari va overdraftlar ajralib turadi. Ushbu toifadagi qarzdorlik yil boshidan buyon 38,1 foizga oshib, 6,1 trillion so‘mga yetgan. Mikrokreditlar bo‘yicha o‘sish 19,1 foizni, ipoteka kreditlarida esa 12,9 foizni tashkil etgan.

 

Ta’lim kreditlari bo‘yicha qarzdorlik aksincha, 1,1 foizga kamaygan. Iste’mol kreditlari qoldig‘i esa 502 milliard so‘mni tashkil etgan.

 

Avvalroq, Ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktirilgan tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.