Prezident farmoniga muvofiq, ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktiriladigan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Prezidentning 2026-yil 9-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-217-son Farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasida Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etiladi.
Yangi kotibiyat jami 12 ta shtat birligidan iborat bo‘ladi. Shundan 5 ta shtat birligi Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limidan ajratiladi. Qolgan 7 ta shtat birligi esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini qayta tashkil etish hisobiga shakllantiriladi.
Farmonda Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirish bilan bir qatorda, ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalari uchun mas’ul bo‘lgan rahbar faoliyatiga oid masalalar ham belgilangan.
Xususan, farmonning 1-ilovasida Bosh vazirning ta’lim va ilm-fan masalalari uchun mas’ul birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziriga biriktiriladigan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ro‘yxati keltirilgan.

