13 nafar bog‘cha bolasini Damas’da olib ketayotgan haydovchi jazolandi

13 nafar bog‘cha bolasini Damas’da olib ketayotgan haydovchi jazolandi

Sirdaryoda 13 nafar tarbiyalanuvchini tashiyotgan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Haydovchi qoidabuzarligini tan olib, bunday holatni boshqa takrorlamasligini bildirdi.

 

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida yo‘lovchi tashish qoidalarini buzgan haydovchi aniqlandi. U Damas rusumli avtomobilda 13 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan bo‘lgan. Bu haqda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, holat tumanning Toshkent mahallasida aniqlangan. Bolalarni belgilangan talablarga rioya qilmagan holda tashiyotgan haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.

 

Xususan, haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-8-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

 

“Qonuniy chora ko‘rishdi. Qoidabuzarligimni tushundim, boshqa takrorlanmaydi. Boshqa haydovchilarga buni tavsiya qilmayman. Sababi, bu yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkin”, — degan haydovchi.

 

Avvalroq, Sirdaryoda Damasʼda 16 nafar bogʻcha bolasi tashilayotgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.