Yana oʻsha “trend”: Sirdaryoda Damasʼda 16 nafar bogʻcha bolasi tashilayotgani aniqlandi

Yana oʻsha “trend”: Sirdaryoda Damasʼda 16 nafar bogʻcha bolasi tashilayotgani aniqlandi

Guliston tumanida Damas haydovchisi 16 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan vaqtida toʻxtatilib, unga nisbatan BHM ikki barobari miqdorida jarima belgilangan.

 

Sirdaryo viloyati Guliston tumanida Damas haydovchisi 16 nafar bogʻcha bolasini olib ketayotgan vaqtida Yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan toʻxtatilgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, amaldagi Yoʻl harakati qoidalariga koʻra, transport vositasining texnik pasportida koʻzda tutilganidan ortiq odam tashish holati aniqlangan. Damas rusumli avtomobil qoidalarini buzgan holda 16 nafar bogʻcha tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan boʻlgan.

 

Mazkur aniqlangan qoidabuzarlik holati yuzasidan haydovchi bilan profilaktik tushuntirishlar olib borilib, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-prim 8-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobar miqdorida jarimaga tortilgan.

 

Shuningdek, IIB ota-onalarni ham ogohlikka chaqirib, bunday qoidabuzarliklar yoʻl-transport hodisalariga sabab boʻlishi mumkinligi eslatib o’tdi.

 

Bog’cha bolalarini kam o’rinli avtomobillarda qoidalarni buzgan holatda tashish holati juda ko’p marta kuzatiladi. Jumladan, may oyida Samarqand viloyati Jomboy tumanida Damas rusumli avtomobilida 28 nafar bog’cha bolasi tashilayotgani aniqlangan edi.

 

Shuningdek, Navoiy viloyati Nurota tumanida bog’cha bolalarini olib ketayotgan Matiz rusumli avtomobil YTHga uchragani va ushbu mashinada 13 nafar bog’cha bolasi tashilayotgani ma’lum bo’lgan edi.

 

Bundan tashqari, Andijon viloyatida oʻtkazilgan maxsus reyd davomida haydovchi mikroavtobusda 58 nafar bolani tashiyotgani aniqlanib, holat boʻyicha haydovchiga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan edi.