Samarqand viloyatida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan Jomboy va Payariq tumanlarida “Damas” avtomashinasi orqali 28 tagacha bog‘cha tarbiyalanuvchilarini tashish holatlari aniqlangan. Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirilib, taʼlim tashkilotlari rahbarlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishi maʼlum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumani hududida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 7 oʻrindiqli “Damas” rusumli avtomashinada meʼyordan ortiq — 28 nafargacha bolani tashish holati aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Samarqand shahrida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan bogʻcha bolalarini tashishda qoidabuzarlik holati aniqlandi.
Unga koʻra, “Damas” haydovchisi 7 oʻrindiqli joyga 28 nafar bogʻcha bolalarini mindirib ketayotganligi maʼlum boʻlgan.
Ushbu holat boʻyicha haydovchiga rasmiy bayonnoma tuzilgan, transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Bogʻcha bolalarining soʻzlariga koʻra, ular har kuni shu holatga bogʻchaga kelib-ketib yurgan.
Avvalroq, Samarqandda 24 nafar bogʻcha bolasini bitta mashinada tashigan haydovchi aniqlangan edi.
Ushbu holatlar yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, oʻrganishlar natijasida mazkur holat Jomboy va Payariq tumanida faoliyat yuritayotgan ayrim nodavlat taʼlim tashkilotlari bilan bogʻliq ekani maʼlum boʻlgan.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ushbu qonunbuzarlikni aniqlashda faollik koʻrsatgan viloyat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga minnatdorchilik bildirgan.
“Shu bilan birga, bolalar xavfsizligiga befarq munosabatda boʻlib, ularni belgilangan talablarga zid ravishda tashishga yoʻl qoʻygan taʼlim tashkilotlari rahbarlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar koʻriladi” — deydi rasmiylar.
Shuningdek, Samarqand viloyati MMTB davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlarini bolalarni tashishda amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishga chaqirgan va ota-onalardan farzandlar xavfsizligiga masʼuliyat bilan yondashishlarini soʻragan.
Avvalroq, 13 nafar bolani Matizda bog‘chaga olib ketayotgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari YTH ga uchrab, vafot etgani yuzasidan xabar bergan edik.
