Xitoylik 9 yoshli bola standart 3×3 Rubik kubigini 2,51 soniyada yig‘ib, eng tez yig‘ish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi. Natija Guanchjou shahrida o‘tkazilgan ‘‘Guangzhou Grand Open 2026’’ musobaqasida qayd etilgan.
Jahon kubik assotsiatsiyasi (World Cube Association — WCA) ma’lumotlariga ko‘ra, xitoylik 9 yoshli Geng Xuanyi musobaqaning ikkinchi bosqichida 2,51 soniyalik natija ko‘rsatgan. Assotsiatsiya ushbu natijani jahon rekordi sifatida qayd etgan.
Avvalgi rekord polshalik Teodor Zajderga tegishli bo‘lib, u 2026-yil fevral oyida Rubik kubigini 2,76 soniyada yig‘gan. Xitoylik ishtirokchi bu natijani 0,25 soniyaga yaxshilagan.
Guanchjou shahrida o‘tkazilgan ushbu musobaqada 3×3 Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha 497 nafar ishtirokchi qatnashgan. Xuanyi Geng final bosqichida o‘rtacha 4,81 soniyalik natija bilan oltinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, ikkinchi bosqichda qayd etgan 2,51 soniyalik natijasi jahon rekordiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning yana ikki yosh vakili Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha jahon rekordlarini o‘rnatgani haqida xabar bergan edik.
Jumladan, 6 yoshli Lian Yunzhi 3×3×3 kubigini beshta urinishda o‘rtacha 4,27 soniyada yig‘ib, ayollar o‘rtasidagi rekordni yangilagan edi.
Shuningdek, 13 yoshli Chen Chjen kubikni bir qo‘lda yig‘ish bo‘yicha o‘rtacha 6,99 soniyalik natija qayd etgan.
