“Wuhu Open 2026” musobaqasida 13 yoshli xitoylik speedkuber rubik kubigini bir qo‘lda yig‘ishda jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda “People’s Daily Online” nashri xabar berdi.
Xitoyning Anxoy provinsiyasida “Wuhu Open 2026” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 13 yoshli xitoylik Chen Chjen 3×3×3 o‘lchamdagi rubik kubigini bir qo‘lda yig‘ish bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatdi.
Ta’kidlanishicha, u musobaqada beshta urinish bo‘yicha o‘rtacha 6,99 soniya natija qayd etgan. Shu tariqa Chen Chjen bir qo‘lda rubik kubigini yig‘ishda 7 soniyadan tezroq natija ko‘rsatgan ilk speedkuber bo‘lgan.
Speedcuber — bu rubik kubigi va boshqa shunga o‘xshash burama boshqotirmalarni imkon qadar tez yechadigan kishi.
Musobaqadagi 5 ta urinish natijasi quyidagicha:
- 7,27 soniya;
- 7,07 soniya;
- 6,12 soniya;
- 9,48 soniya;
- 6,64 soniya.
Musobaqa qoidalariga ko‘ra, 5 ta urinishdan eng yaxshi va eng yomon natija hisobga olinmaydi. Qolgan uchta natija asosida yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkich aniqlanadi.
Chen Chjenning 6,12 soniyalik eng tezkor natijasi Xitoyning ushbu yo‘nalishdagi milliy rekordidan ham yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.
Yosh speedkuber Rubik kubigiga 9 yoshida qiziqa boshlagan. U 2023-yildan buyon qariyb 40 ta musobaqada ishtirok etib, Xitoy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ularning qariyb 30 tasida g‘olib bo‘lgan.
Avvalroq, 2025-yilda 11 yoshli o‘quvchi kubik-rubik yigʻishda jahon rekordini oʻrnatgani haqida xabar berilgandi.
