Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish jarayoni bo‘yicha statistik ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yil qabulida 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkich 2025/2026-o‘quv yilidagi 671 397 nafar abituriyentga nisbatan 6 510 nafarga yoki qariyb 1 foizga ko‘p.
Umumiy abituriyentlar sonida katta o‘zgarish kuzatilmagan bo‘lsa-da, ayrim ko‘rsatkichlarda sezilarli farqlar mavjud.
Joriy yil bitiruvchilarining ulushi oshgan
2025/2026-o‘quv yilida abituriyentlarning 426 685 nafari yoki 63,6 foizini joriy yil bitiruvchilari tashkil etgan edi. 2026/2027-o‘quv yilida ularning soni 451 744 nafarga yetib, umumiy ro‘yxatdan o‘tganlarning 66,6 foizini tashkil etdi.
Bir yil ichida joriy yil bitiruvchilari soni 25 059 nafarga yoki 5,9 foizga oshgan. Avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlar soni esa 244 712 nafardan 226 163 nafarga kamaygan.
Bu qabul jarayonida maktab, akademik litsey va professional ta’lim muassasalarini aynan joriy yilda tamomlagan yoshlarning faolligi ortganini ko‘rsatadi.
63,6%
nafar
2026/2027-o‘quv yili
66,6%
nafar
|
Joriy yil bitiruvchilari
↑ 25 059
Bir yil ichida 5,9 foizga oshgan.
|
Avvalgi yillar bitiruvchilari
↓ 18 549
244 712 nafardan 226 163 nafarga kamaygan.
|
Mavzuga doir: Joriy yil qabuli uchun qancha abituriyent roʻyxatdan oʻtdi, ulardan qanchasi testdan ozod etilgan? — Statistika
Xotin-qizlar soni bo‘yicha ustunlik saqlanib qolgan
2025-yilda ro‘yxatdan o‘tganlarning 361 019 nafari yoki 53,8 foizini xotin-qizlar tashkil etgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkich 365 196 nafar yoki 53,9 foizga yetgan.
Erkak abituriyentlar soni esa 310 378 nafardan 312 711 nafarga oshgan. Demak, gender tarkibida keskin o‘zgarish bo‘lmagan: har ikki yilda ham xotin-qizlar ulushi erkaklarga nisbatan yuqoriligicha qolgan.
Sertifikatli abituriyentlar soni ikki barobardan ko‘proq oshgan
Ikki yil statistikasi o‘rtasidagi eng katta farq milliy va xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar sonida kuzatilmoqda.
Umumta’lim fanlari bo‘yicha sertifikatga ega abituriyentlar soni 2025-yildagi 85 140 nafardan 2026-yilda 193 186 nafarga yetgan. O‘sish 108 046 nafarni tashkil etib, ko‘rsatkich 2,3 barobarga oshgan.
Chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar soni ham 58 216 nafardan 125 354 nafarga yetgan. Bu bir yil ichida 67 138 nafarlik yoki 115 foizlik o‘sish demakdir.
Abituriyentlar tomonidan yuklangan va tasdiqlangan xalqaro sertifikatlar soni 18 854 tadan 24 526 taga ko‘paygan. O‘sish 30 foizni tashkil etadi.
Testdan ozod qilinganlar soni qariyb 19 barobarga oshgan
2025-yilda barcha fanlardan tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan 678 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan edi.
2026-yilda bunday abituriyentlar soni 12 997 nafarga yetgan. Bir yil ichida ko‘rsatkich 12 319 nafarga yoki qariyb 19 barobarga oshgan.
Mazkur o‘sish sertifikatlar qabul jarayonidagi qo‘shimcha imkoniyatdan amalda muhim tanlov vositasiga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarni tanlaganlar kamaygan
Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 39 307 nafardan 36 500 nafarga kamaygan. Pasayish 2 807 nafar yoki 7,1 foizni tashkil etadi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirganlar soni esa deyarli o‘zgarmagan: 2025-yilda 10 572 nafar, 2026-yilda 10 581 nafar abituriyent ushbu yo‘nalishni tanlagan.
barqaror saqlangan.
Binolar kamaygan, qabul qilish quvvati oshgan
2025-yilda test sinovlarini o‘tkazish uchun 65 ta bino tayyorlangan bo‘lsa, 2026-yilda binolar soni 64 tani tashkil etgan.
Shunga qaramay, bir smenada faoliyat yuritadigan guruhlar soni 1 169 tadan 1 183 taga, bir smenada test topshiradigan abituriyentlar soni 35 070 nafardan 35 490 nafarga oshgan.
Kunlik qabul qilish quvvati ham 70 140 nafardan 70 980 nafarga yetgan. Test sinovlari 10 kun davom etishini hisobga olganda, binolarning umumiy nazariy sig‘imi 709 800 nafarni tashkil etadi. Bu test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 664 609 nafar abituriyentdan 45 191 nafarga ko‘p.
Mavzuga doir: Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan joylar bilan oldindan tanishishi mumkin
Asosiy o‘zgarish — sertifikatlarning roli kuchaymoqda
Ikki yillik statistika abituriyentlar umumiy soni barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi. Biroq qabul jarayonining ichki tarkibi o‘zgarmoqda.
Joriy yil bitiruvchilarining ulushi oshgan, avvalgi yillar bitiruvchilari soni kamaygan. Eng katta o‘zgarish esa milliy va xalqaro sertifikatlarga ega abituriyentlar sonining keskin ko‘payishi hamda minglab abituriyentlarning test sinovlarisiz bevosita tanlov bosqichiga o‘tayotganida namoyon bo‘lmoqda.
Demak, oliy ta’limga kirishda faqat test sinovi natijasi emas, abituriyentning avvaldan tasdiqlangan bilim darajasi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
