Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan joylar bilan oldindan tanishishi mumkin

Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan joylar bilan oldindan tanishishi mumkin

Abituriyentlarga test sinovlari oʻtkaziladigan binolar bilan oldindan tanishish imkoniyati yaratiladi. Tanishuv ruxsatnomada koʻrsatilgan manzil boʻyicha belgilangan vaqtlarda tashkil etiladi.

 

11-12-iyul kunlari soat 09:00 dan 11:00 ga qadar hamda 13:00 dan 15:00 ga qadar barcha abituriyentlar ruxsatnomalarida koʻrsatilgan manzildagi oʻzlari test sinovida ishtirok etadigan binoga kelib, test sinovi oʻtkaziladigan joylar bilan tanishib ketishlari mumkin. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.

 

Tanishuv davomida abituriyentlar test sinovi oʻtkaziladigan bino va uning joylashuvi bilan tanishib, test kuni imtihon hududiga borish yoʻnalishini oldindan aniqlab olishlari mumkin. Bu esa test kuni manzilni izlashga vaqt sarflamaslik va imtihon hududiga oʻz vaqtida yetib kelishga yordam beradi.

 

Shuningdek,talabgorlar @ruxsatnoma_uzbmb_bot Telegram boti orqali abituriyent ruxsatnomasini yuklab olishlari mumkin.

 

Bundan tashqari, @mandat_javobbot orqali 2025/2026-oʻquv yilidagi taʼlim yoʻnalishlarining oʻtish ballari bilan tanishish, @sinovtestuz_bot orqali esa maxsus diagnostik testlarni ishlab, bilim darajasini bepul sinab koʻrish imkoniyati mavjud.

 

Avvalroq, 2026/2027-oʻquv yili uchun oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlariga oid statistik maʼlumotlar eʼlon qilingan edi.