O‘zbekiston ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha 2026-yilgi xalqaro reytingda 421 ball bilan 101-o‘rinni egalladi. Tadqiqotda 117 ta mamlakat va hududdan 2,3 million nafar katta yoshli ishtirokchining ingliz tilini bilish darajasi baholangan.
EF (Education First) tashkiloti EF English Proficiency Index 2026 hisobotini e’lon qildi. Unda 117 ta mamlakat va hududdagi 2,3 milliondan ortiq katta yoshli ishtirokchining ingliz tilini bilish darajasi tahlil qilingan.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan uch pog‘onaga yuqorilagan. Biroq mamlakatning o‘rtacha bali 429 balldan 421 ballgacha pasaygan. O‘zbekiston reytingda 100-o‘rindagi Iordaniya (422 ball) va 102-o‘rindagi Mo‘g‘uliston (420 ball) orasidan joy olgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Turkmaniston 476 ball bilan 71-o‘rinni egallab, “past” darajadagi davlatlar guruhidan joy olgan.
Qolgan davlatlarning natijalari quyidagicha:
- Qirg‘iziston — 90-o‘rin, 445 ball;
- Qozog‘iston — 99-o‘rin, 424 ball;
- O‘zbekiston — 101-o‘rin, 421 ball;
- Tojikiston — 110-o‘rin, 405 ball.
Hisobotga ko‘ra, global miqyosda ingliz tilini bilish darajasi ketma-ket beshinchi yil pasaygan. 2026-yilda 117 davlat va hududning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida natijalar 2025-yilga nisbatan yomonlashgan.
EF EPI 2026 hisobotida ingliz tilining o‘qish, yozish, gapirish va tinglab tushunish ko‘nikmalari ham alohida tahlil qilingan. Natijalarga ko‘ra, besh mamlakatdan to‘rttasida o‘qish eng kuchli ko‘nikma bo‘lgan. Gapirish qariyb 40 foiz davlatda, tinglab tushunish esa yana qariyb 40 foiz davlatda eng zaif ko‘nikma sifatida qayd etilgan. Global o‘rtacha natijada gapirish ko‘rsatkichi o‘qish ko‘rsatkichidan 57 ball past bo‘lgan.
Shuningdek, 18–20 yoshdagi yoshlarning ingliz tilini bilish darajasi pandemiya davrida keskin pasayganidan keyin barqarorlashgani, biroq avvalgi darajaga qaytmagani qayd etilgan.
2026-yilgi reytingda Shvetsiya 615 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat bir yil ichida yetti pog‘onaga yuqorilab, top guruhdagi 8-o‘rindan 1-o‘ringa ko‘tarilgan. 2019-yildan buyon yetti yil davomida reytingga yetakchilik qilib kelgan Niderlandiya esa bu yil beshinchi o‘ringa tushgan. Kuchli beshlikning barchasini Yevropa davlatlari tashkil qilgan. Shvetsiyadan keyingi o‘rinlarda Avstriya (613 ball), Daniya (612 ball), Germaniya (611 ball) va Niderlandiya (609 ball) qayd etilgan.
EF hisobotida hukumatlar, ta’lim tizimlari va ish beruvchilarni ingliz tilida gapirish, tinglash va yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishga chaqirilgan.
Ma’lumot uchun, EF English Proficiency Index dunyo mamlakatlari, hududlari va shaharlarining ingliz tilini bilish darajasini baholovchi xalqaro reyting hisoblanadi. 2026-yilgi hisobot 2025-yilda EF SET testini topshirgan 117 ta mamlakat va hududdagi 2,3 milliondan ortiq katta yoshli ishtirokchining ma’lumotlari asosida tuzilgan.
