Ilmiy daraja beruvchi kengashlar faoliyatini 100 ballik tizim asosida baholab, natijalariga ko‘ra reyting guruhlariga ajratish taklif qilinmoqda. Reyting natijalariga qarab faoliyatida kamchiliklar aniqlangan kengashlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin.
Muhokamalar portaliga “Ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimini yuritishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, reyting tizimini 2027-yil 1-yanvardan boshlab joriy etish taklif qilinmoqda. Ilmiy kengashlar faoliyati Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan 100 ballik tizim asosida baholanadi.
Baholashda uchta asosiy yo‘nalish hisobga olinadi:
- ilmiy natijalar sifati va xalqaro standartlarga muvofiqlik — 35 ballgacha;
- kengash faoliyatining samaradorligi, shaffofligi va xolisligi — 35 ballgacha;
- kengash a’zolarining ilmiy salohiyati va faolligi — 30 ballgacha.
To‘plangan ballarga qarab kengashlar to‘rt guruhga ajratiladi:
- yuqori — 85–100 ball;
- o‘rta — 71–84 ball;
- quyi — 56–70 ball;
- past — 55 ballgacha.
Shuningdek, ayrim dissertatsiyalar mustaqil ekspertizadan, jumladan, xorijiy mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilishi mumkin. Bunda kengash reytingi, plagiat va sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda asoslantirilgan murojaatlar inobatga olinadi.
Reytingda quyi guruhdan joy olgan kengashlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilishi, ularning rahbar tarkibi qayta tasdiqlanadi. Past guruhga tushgan kengash faoliyati esa muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Bunday tashkilotda ayni ixtisoslik bo‘yicha bir yil davomida yangi ilmiy kengash tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqori guruhga kirgan kengashlarning ilg‘or tajribasini ommalashtirish, ularning raisi, rais o‘rinbosari va ilmiy kotibini moddiy yoki ma’naviy rag‘batlantirishga tavsiya etiladi.
Reyting natijalari, baholash mezonlari yoki jarima ballaridan norozi bo‘lgan tashkilotlar e’lon qilingan kundan boshlab bir oy ichida apellyatsiya berishi mumkin. Bunday murojaatlar mustaqil apellyatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Reyting natijalari yagona ilmiy attestatsiya axborot tizimi va Oliy attestatsiya komissiyasining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi. Ilmiy daraja va ilmiy unvonlarni berish bilan bog‘liq jarayonlarni ham ushbu tizim orqali raqamlashtirish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ilmiy daraja olish uchun talab etiladigan maqolalar soni, dissertatsiya hajmi va himoya jarayonlariga o‘zgartirishlar kiritilganligi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan chet tili bo‘yicha malakaviy imtihon talabi ham bekor qilinishi rejalashtirilgan.
