Ona tili va adabiyot hamda boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha tegishli milliy sertifikatlarga ega pedagoglarga dars beradigan faniga qarab 50 yoki 15 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Tahririyatimizga ona tilidan milliy sertifikati bor boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi boshlang’ich ta’lim sertifikatini ham olsa, ikkalasiga ustama to‘lanadimi, mazmunidagi savollar kelib tushdi.
Talimxabarlari.uz Ta’lim va ilm-fan vazirligidan ushbu savollarga javob oldi. Vazirlikka ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qaroriga muvofiq, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bilim darajasi va pedagogik mahoratini baholash bo‘yicha milliy sertifikat imtihonlari natijalariga ko‘ra 3 yil muddatga A+, A, B+, B, C+ va C darajali milliy sertifikatlar beriladi.
B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan, boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligiga ega o‘qituvchilarga lavozim maoshining 15 foizi miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-son Farmoniga asosan:
2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PF-134-son Farmoniga asosan:
Umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.
Bunda, ona tili va adabiyoti fani hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tegishli sertifikatlarga ega boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi pedagog kadrlariga boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi va yuqori sinflarda ona tili va adabiyot fani uchun 50 foiz, boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishidagi qolgan fanlar uchun 15 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Ushbu o‘zgarishlardan keyingi oylik maoshingizni @Oylikhisoblaydigan_bot yordamida oson va aniq hisoblashingiz mumkin.
