Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani 39-son umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Shodmonova Madina Bekzod qizi barcha majburiy va asosiy fanlardan milliy sertifikatni qoʻlga kiritib, muddatidan avval talaba boʻlish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. U Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni rejalashtirmoqda. Madina tayyorgarlik jarayoni, vaqtni boshqarish va muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida soʻzlab berdi.
“Baʼzida tungi soat 2-3 gacha dars qilardim”
Madinaning aytishicha, milliy sertifikat olish maqsadi unda 10-sinfda paydo boʻlgan. Shundan soʻng u oldiga aniq maqsad qoʻyib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.
“Sertifikat olishga qiziqishim 10-sinfligimda paydo boʻlgan. Tayyorgarlik jarayoni ancha qiyin kechgan. Baʼzida tungi soat 2-3 gacha dars tayyorlagan kunlarim ham boʻlgan”, — deydi u.
U ona tili faniga 5 oy, tarixga 4 oy, ingliz tiliga 7 oy, matematikaga esa 1 oy tayyorlangan. Ingliz tili boʻyicha oflayn kurslarda qatnashgan boʻlsa, qolgan fanlarga onlayn kurslar va taʼlim platformalari orqali tayyorlangan.
Madinaning soʻzlariga koʻra, uni har kuni harakat qilishga undagan oddiy bir motivatsiya ham boʻlgan.
“Dars xonam devoriga ʼBugun harakat qilmasang, ertaga kech boʻladiʼ degan yozuvni ilib qoʻygandim. Har safar charchaganimda yoki dars qilishni toʻxtatmoqchi boʻlganimda shu yozuv menga yana kuch bagʻishlardi”, — deydi Madina.
“Telefonimni butunlay oʻchirib qoʻydim”
Madina maktabdagi darslar va sertifikatga tayyorgarlikni oldindan tuzilgan reja asosida olib borgan.
“Ertalab maktabga borardim, uyga vazifalarimni bajarardim. Maktabdan keyin esa toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻshimcha kurslarga borardim. Avval ingliz tili, keyin ona tili darslarida qatnashardim”, — deydi u.
Uning aytishicha, tayyorgarlik davrida telefon va ijtimoiy tarmoqlar vaqtni behuda sarflashga sabab boʻlmagan.
“Dars qilayotganimda telefonimni butunlay oʻchirib qoʻyardim. Tayyorgarlik davomida asosan Telegramʼdan foydalandim. Hozir ham boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmayman”, — deydi Madina.
Qizigʻi, u uyqu rejimini buzmagan. Biroq doimiy mashgʻulotlar sabab baʼzan ovqatlanish vaqtiga eʼtibor berolmaganini tan oladi.
Xatolarni tahlil qilish — muvaffaqiyatning kaliti
Madinaning fikricha, yuqori natijaga erishish uchun faqat test ishlashning oʻzi yetarli emas.
“Koʻproq test ishlash kerak. Eng muhimi esa qilgan xatolaringizni erinmasdan tahlil qilish. Aynan shu odat yuqori natijaga erishishga yordam beradi”, — deydi u.
U tayyorgarlik davrida tushkunlikka tushmaganini, bunda ota-onasining qoʻllab-quvvatlashi katta rol oʻynaganini taʼkidlaydi.
“Ota-onam doimo meni qoʻllab-quvvatlagan. Dars qilishim uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. Shu sababli hech qachon tushkunlikka tushmaganman”, — deydi abituriyent.
Tengdoshlariga tavsiya va kelajakdagi maqsadlar
Milliy sertifikat olishni istayotgan yoshlarga Madina, avvalo, maqsadni aniq belgilashni tavsiya qiladi.
“Oʻzingizdan “Nega bu sertifikat menga kerak? Uni olganimdan keyin nima oʻzgaradi?” degan savollarni soʻrang. Javobingiz aniq boʻlsa, reja tuzing va maqsadingiz sari qadam-baqadam harakat qiling”, — deydi u.
Shuningdek, uning fikricha, maktablarda qoʻshimcha mashgʻulotlar uchun koʻproq xonalar va zamonaviy elektron qurilmalar boʻlsa, abituriyentlar uchun yanada qulay sharoit yaratiladi.
Hozirda esa Madina oʻz ustida ishlashda davom etmoqda.
“Ayni paytda onlayn tarzda turk tilini oʻrganyapman. Bu kelajakdagi karyeram uchun muhim deb hisoblayman”, — deydi oʻquvchi.
Avvalroq, angrenda abituriyent qiz 5 ta sertifikat bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
