Ko‘p yillar davomida yapon tilini o‘qitish asosan ko‘ngillilar zimmasida bo‘lib kelgan. Endilikda Yaponiya milliy sertifikatlash tizimi, hududiy koordinatorlar va davlat dasturlari orqali bu sohani professional ta’lim tizimiga aylantirishni maqsad qilgan.
Yaponiyada yapon tilini o‘qitish tizimi bugun yangi bosqichga o‘tmoqda. Ko‘p yillar davomida bu soha davlat tomonidan emas, balki ko‘ngillilar (volontyorlar) hisobiga rivojlangan.
The Japan Times nashrining yozishicha, uzoq vaqt davomida “Har qanday yapon tili sohibi uni o‘qita oladi” degan qarash hukm surgan. Shuningdek, jamiyatda haq to‘lanmaydigan mehnatni “ma’naviy qoniqish” bilan oqlash odati mavjud bo‘lgan. Shu sababli yapon tili o‘qituvchiligi uzoq yillar professional kasb sifatida emas, ko‘proq ko‘ngillilik faoliyati sifatida qaralgan.
Sotsiolog Yuki Xonda bu holatni “yarigai-sakushu” deb ataydi. Bu atama jamiyat uchun muhim bo‘lgan ishlarni yetarli haq olmasdan, faqat ishtiyoq va fidoyilik bilan bajarishga majbur bo‘lish holatini anglatadi. Natijada tilshunoslik, pedagogika va ikkinchi tilni o‘qitish bo‘yicha yuqori malaka talab qiladigan ishlar ham uzoq vaqt shunchaki sevimli mashg‘ulot sifatida baholangan.
Bu holat o‘qituvchilar tarkibida ham yaqqol ko‘ringan. Xususiy kompaniyalarda onlayn dars berayotganlardan tashqari, mamlakatdagi yapon tili o‘qituvchilarining katta qismi 50–60 yoshdagi ayollar yoki nafaqadagi insonlardan iborat bo‘lgan. Ularning aksariyati bu ishni asosiy daromad manbai sifatida emas, balki jamiyatga foyda keltirish maqsadida bajargan.
Ammo bu vaziyat yosh o‘qituvchilar uchun barqaror ish o‘rinlari va martaba yo‘llarining shakllanishiga to‘sqinlik qilgan. Natijada tizimni isloh qilish ishlari yillar davomida ortga surildi. Ko‘ngillilarning fidoyiligi esa davlat uchun professional tizim yaratishni kechiktirishni osonlashtirgan.
Hududlar o‘rtasidagi katta tafovut
Yaponiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil holatiga kelib ham mamlakatdagi munitsipalitetlarning 38,2 foizida yapon tili ta’limi umuman yo‘q.
Munitsipalitet — bu shahar yoki tuman kabi ma’muriy hududda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni amalga oshiruvchi hamda saylab qo‘yiladigan organlar (masalan, shahar kengashi va mer) va ijrochi apparatdan iborat boshqaruv organi. Bu organ o‘z hududidagi kommunal xizmatlar, maktablar, shifoxonalar va mahalliy infratuzilmani nazorat qiladi.
Mahalliy hokimiyatlarning deyarli yarmi chet elliklar uchun tizimli til o‘qitish dasturlariga ega emas. Ta’lim sifati esa hududdagi imkoniyatlar va ko‘ngillilar soniga qarab keskin farq qiladi.
Bunday tafovutning uzoq saqlanib qolishiga bir nechta sabab bor.
Birinchidan, ko‘plab kichik munitsipalitetlarda mablag‘ va mutaxassislar yetishmaydi. Hatto xorijliklar soni tez ortayotgan hududlarda ham yangi til kurslarini tashkil etish uchun yetarli imkoniyat mavjud emas.
Ikkinchidan, malakali o‘qituvchilar mamlakat bo‘ylab teng taqsimlanmagan. Bugungi kunda barcha yapon tili o‘qituvchilarining qariyb 40 foizi Tokioda ishlaydi. Shu sababli qishloq va chekka hududlarda malakali mutaxassislar deyarli yo‘q.
Muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Dzuntendo universiteti dotsenti Midori Inagakining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda Yaponiya hukumati bu bo‘shliqlarni bartaraf etish uchun bir qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, markaziy hukumat resurslari yetishmaydigan hududlarga mutaxassislarni yuboradigan maxsus dastur ishlab chiqqan. Ushbu dastur doirasida mahalliy koordinatorlar faoliyati 3 yilgacha davlat tomonidan moliyalashtiriladi va yangi til kurslarini tashkil etishga yordam beriladi.
Qayd etilishicha, raqamli texnologiyalar ham bu jarayonda muhim rol o‘ynamoqda. Onlayn yapon tili kurslari va zamonaviy ta’lim platformalari tufayli chekka hududlarda yashovchi xorijliklar ham masofadan turib ta’lim olish imkoniga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, prefektura hukumatlari hamda xalqaro almashinuv tashkilotlari bir nechta organlarga xizmat ko‘rsatuvchi hududiy qo‘llab-quvvatlash tarmoqlarini shakllantirmoqda. Bu koordinatorlar mahalliy hokimiyatlarga doimiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatadi.
Olimning fikricha, buning natijasida hududlar o‘rtasidagi tafovut asta-sekin kamayib, yapon tili ta’limi infratuzilmasi tobora mustahkamlanmoqda.
Izoh: Midori Inagaki — Dzuntendo universiteti dotsenti. U yapon tili ta’limi, til siyosati va immigratsiya masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Hududiy koordinatorlar tizimi
Yana bir muhim yangilik — hududiy yapon tili koordinatori lavozimining joriy etilishi bo‘lgan.
Bu mutaxassislar maktablar, mahalliy hokimiyatlar, jamoat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini bajaradi. Ular yordamga muhtoj aholi guruhlarini aniqlaydi, resurslarni muvofiqlashtiradi va ko‘ngillilar faoliyatini barqaror davlat tizimiga aylantirishga ko‘maklashadi.
Bu kabi tizim yapon tili ta’limida o‘nlab yillar davomida mavjud emas edi.
Ba’zi shaharlarda, masalan, Kavasaki va Hamamatsu shaharlarida maslahat xizmatlari, til o‘qitish va mahalliy hamkorlikni birlashtirgan yagona yapon tili markazlari tashkil etilgan.
Endilikda ko‘proq mahalliy hokimiyatlar yapon tilini o‘qitishni xayriya faoliyati emas, balki davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida ko‘rmoqda.
Nima uchun milliy sertifikatlash joriy qilindi?
Ko‘p yillar davomida yapon tili o‘qituvchilari professional mutaxassis sifatida tan olinmagan. Kerakli bilim va tajribaga ega bo‘lishlariga qaramay, ular ko‘pincha vaqtinchalik shartnomalar asosida va kam maosh evaziga ishlashga majbur bo‘lgan.
Texnik stajyorlar, xorijiy talabalar, “malakali ishchi” dasturi ishtirokchilari va ularning oilalari soni ortgani sari ko‘ngillilar tizimining kamchiliklari yanada yaqqol ko‘rina boshlagan.
Shuningdek, Yaponiya xalqaro tajribadan ham ortda qolayotgan edi. Ikkinchi tilni o‘qitish rivojlangan aksariyat davlatlarda til o‘qituvchilari uchun milliy malaka tizimi allaqachon mavjud.
Shu sababli yangi milliy sertifikatlash tizimi uzoq yillar davom etgan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgan muhim islohot sifatida joriy etilgan.
Islohotlar samara beryaptimi?
Milliy sertifikatlash tizimi allaqachon ijobiy natijalar bera boshlagan.
Endilikda o‘qituvchilarga qo‘yiladigan malaka talablari aniq belgilangan. Mahalliy hokimiyatlar malakali mutaxassislarni ishga olishda aniq mezonlarga ega bo‘lgan. Hududiy koordinatorlar bilan hamkorlik ham mustahkamlanmoqda.
Natijada mahalliy hokimiyatlar yanada izchil va barqaror til ta’limi tizimini yaratishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Mamlakat asta-sekin ko‘ngillilar mehnatiga asoslangan tizimdan mahalliy hokimiyatlar va malakali mutaxassislar birgalikda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan professional tizimga o‘tmoqda. Bu esa tobora xilma-xil bo‘lib borayotgan jamiyatning tilga bo‘lgan ehtiyojlarini yanada samarali qondirishga xizmat qiladi.
Avvalroq, Yaponiyada davlat tilini yaxshi bilmaydigan maktab o‘quvchilari soni 15 yil ichida ikki barobardan oshgani haqida xabar berilgandi.




