Farzand uchun maktab tanlashda ota-onalar ta’lim sifati, o‘qituvchilar salohiyati va maktabdagi sharoitlar bilan birga bolaning xohishi, qiziqishi va yangi muhitga moslashish imkoniyatlarini ham hisobga olishi kerak. Bolalar psixologi Noila Toxirovna maktab tanlashda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlar, jumladan, bolaning oilasiga yaqin muhitda ta’lim olishi va boshqa shaharda o‘qishga tayyorligi yuzasidan tavsiyalar berdi.
Bugungi kunda ota-onalar farzandi uchun maktab tanlashda turli jihatlarga e’tibor qaratmoqda. Ayrimlar ta’lim sifati va o‘qituvchilar salohiyatini asosiy mezon deb bilsa, boshqalar xususiy yoki ixtisoslashtirilgan maktablarda yaratilgan imkoniyatlar, fanlarning chuqurlashtirib o‘qitilishi va qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ahamiyat beradi.
Biroq maktab tanlashda uning qayerda joylashgani ham muhim. Ba’zan farzand uchun yaxshiroq ta’lim imkoniyatini izlab, uni uyidan uzoqda, hatto boshqa shahar yoki hududdagi maktabga berish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bunday vaziyatda esa faqat maktabdagi sharoit yoki ta’lim sifatini emas, bolaning yangi muhitga moslashishi, oilasidan uzoqda yashashga tayyorligi va bunday o‘zgarish uning ruhiy holatiga qanday ta’sir qilishini ham hisobga olish kerak.
Xo‘sh, maktab tanlashda bolaning xohishi qanchalik muhim? Farzandni boshqa shaharga o‘qishga yuborishdan oldin nimalarga e’tibor berish kerak? Bolaning oilasidan uzoqda yashashi uning rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Talimxabarlari.uz muxbiri shu savollar yuzasidan xotin-qizlar va bolalar psixologi Noila Toxirovna bilan suhbatlashdi.
Psixologning ta’kidlashicha, o‘smir yoshidagi bola uchun o‘qish joyining oilasiga yaqin bo‘lishi uning ruhiy va ijtimoiy rivojlanishiga ham ta’sir qilishi mumkin.
“Bolani imkon qadar yashab turgan joyiga yaqin joylashgan maktabga berish bolaga xotirjamlik beradi. Mahallasidagi tanish bolalar, uyining yaqinligi bolaga xavfsizlik hissini beradi”, — deydi psixolog.
Uning fikricha, bola uchun sifatli ta’lim beradigan, o‘zini xavfsiz va qulay his qiladigan hamda zarur hollarda oilasi bilan muntazam aloqada bo‘la oladigan muhit muhim.
Biroq maktab uchun boshqa shaharga borish masalasi biroz boshqacha. Bunday vaziyatda bola bir vaqtning o‘zida yangi maktab, o‘qituvchilar, sinfdoshlar, qoidalar va notanish muhitga moslashishiga to‘g‘ri keladi.
Psixologning aytishicha, ayniqsa 11–12 yoshdagi bolalar hali ota-onasi va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashiga ehtiyoj sezadi. Shu sababli farzandini boshqa shaharda o‘qitishni rejalashtirayotgan ota-onalar uning mustaqillik darajasi va yangi muhitga tayyorligini ham hisobga olishi kerak.
Bolaning ota-onasi va yaqinlaridan uzoqda yashashi esa har bir bolaga turlicha ta’sir qiladi. Ayrim bolalar yangi sharoitga tez moslashsa, boshqalarida uyini sog‘inish, yolg‘izlik yoki yangi muhitda o‘zini begona his qilish holatlari uzoqroq davom etishi mumkin.
“Bolaning xarakteri va temperamentiga qarab ba’zi bolalar tez moslashadi, ba’zi bolalarda 5–6 oygacha uyiga qaytish istagi yoki ko‘proq yig‘lash holati kuzatilishi mumkin”, — deydi psixolog.
Ota-onasidan uzoqda yashash bolaning kundalik hayotida ham ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Yangi muhitga moslashish jarayonida uyini sog‘inish, yolg‘izlik yoki o‘zini begona his qilish kuzatilishi mumkin. Ayrim hollarda bu holatlar bolaning uyqusi yoki ishtahasiga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor.
Shu bois bolani yangi sharoitga oldindan tayyorlash muhim. Unga yangi maktab, o‘qituvchilar va yashash joyi haqida oldindan ma’lumot berish, imkon bo‘lsa, maktab va yashash joyini avvaldan ko‘rsatish moslashish jarayonini yengillashtirishi mumkin.
Boshqa shaharda o‘qishning ijobiy tomonlari ham bor. Yangi do‘stlar orttirish, turli insonlar bilan muloqot qilish, kundalik ishlarini mustaqil bajarish va ayrim qarorlarni o‘zi qabul qilish bolaning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishi mumkin. Biroq bunday imkoniyatlardan foydalanish uchun bolaning bunga psixologik jihatdan tayyorligi muhim.
Agar bola o‘z hududida, oilasiga yaqin joyda ta’lim olsa, muammo yoki qiyinchilikka duch kelganda ota-onasiga tezroq murojaat qilishi mumkin. Tanish muhit esa bolaning o‘zini erkinroq tutishiga, fikrini bildirishiga va maktab hayotida faolroq ishtirok etishiga yordam berishi mumkin.
“Imkon qadar bolaning istagi va xavotirlarini ham tinglash kerak. Chunki maktabda ta’lim oladigan va kundalik hayotini o‘tkazadigan insonning o‘zi — bola”, — deydi Noila Toxirovna.
Demak, farzand uchun maktab tanlashda “qaysi maktab yaxshiroq?” degan savol bilan bir qatorda, “bu maktab mening farzandim uchun qanchalik mos?” degan savolga ham javob izlash muhim.
Ta’lim sifati bilan birga bolaning o‘zini xavfsiz va qulay his qilishi, oilasi bilan aloqasi hamda yangi muhitga moslashish imkoniyatlarini hisobga olish ota-onalarga maktab tanlashda to‘g‘riroq qaror qabul qilishga yordam beradi.


