2026/2027-oʻquv yili uchun davlat OTMlari magistraturasiga qabul boʻyicha ayrim arizalar turli kamchiliklar sababli rad etilgan. Talabgorlar rad etilgan arizalarini 26-avgust kuni soat 14:00 ga qadar my.edu.uz orqali qayta tahrirlab, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishlari mumkin.
2026/2027-oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim tashkilotlari magistraturasiga qabul boʻyicha my.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtgan talabgorlarning arizalari koʻrib chiqilgan.
Koʻrib chiqish natijasida ayrim arizalar turli sabablar, jumladan, tanlangan mutaxassislik bitiruvchining taʼlim yoʻnalishiga mos yoki turdosh emasligi, xorijiy tilni bilish boʻyicha sertifikatning mavjud emasligi yoki talab darajasiga javob bermasligi, SAT sertifikatining tasdiqlanmagani, soʻralgan hujjat oʻrniga boshqa hujjat yuklangani yoki hujjatlar toʻliq taqdim etilmagani sababli rad etilgan.
Shuningdek, xorijiy tildagi taʼlim dasturini yakunlaganlik tasdiqlanmagani, hujjatlarning sifatsiz yuklangani va boshqa kamchiliklar ham arizalarning rad etilishiga sabab boʻlgan.
Arizasi yuqoridagi kabi kamchiliklar sababli rad etilgan talabgorlarga 26-avgust kuni soat 14:00 ga qadar my.edu.uz elektron tizimi orqali arizalarini qayta tahrirlash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati berildi.
26-avgust kuni soat 14:00 dan keyin arizalarni tahrirlash imkoniyati berilmaydi. Aniqlangan kamchiliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan arizalar koʻrib chiqilmaydi.
Bunda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha talab etilgan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega emasligi yoxud mavjud sertifikati belgilangan talabga javob bermagani sababli rad etilgan arizalarni qayta tahrirlash tavsiya etilmaydi. Bunday holatda qayta tahrirlangan arizalar ham koʻrib chiqilmaydi.
