Kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi bo‘yicha yangi institut tashkil etildi

Kiberxavfsizlik va axborot xavfsizligi bo‘yicha yangi institut tashkil etildi

O‘zbekistonda kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalari bo‘yicha yangi institut tashkil etildi. Institut ushbu yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

 

Prezidentning 20-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasi Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Radioelektron tizimlar va axborot texnologiyalari markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Kriptologiya, axborot xavfsizligi va innovatsion texnologiyalar instituti tashkil etildi.

 

U mazkur markazning barcha vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

 

Institut kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, axborotni himoya qilish, sun’iy intellekt, katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash, raqamli kriminalistika hamda boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

 

Shuningdek, institutga:

 

— kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalari bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

 

— mazkur yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tashkil etish;

 

— sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish;

 

— axborotni kriptografik va texnik himoya qilish vositalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va sertifikatlash;

 

— davlat organlari va tashkilotlarining axborot resurslari hamda tizimlarini kiberxavfsizlik talablari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazish;

 

— axborot tizimlari va resurslarining himoyalanganlik holatini baholash;

 

— kriptologiya, axborotni himoya qilish, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalarida oliy ta’limdan keyingi ta’limni tashkil etish kabi vazifalar yuklatildi.

 

Qarorga muvofiq, institut ushbu sohalarda respublikadagi yetakchi davlat oliy ta’lim muassasasi sifatida boshqa oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi.

 

Bundan tashqari, institut huzurida ilmiy-texnik kengash tashkil etiladi. Kengash davlat ilmiy dasturlari doirasidagi kriptologiya, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalaridagi ilmiy va innovatsion loyihalarni ekspertizadan o‘tkazishda ishtirok etadi.

 

Qarorda institut xodimlari, shuningdek, jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar va boshqa xodimlarga Toshkent viloyatidagi birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 20 yil muddatga ipoteka krediti ajratilishi ham belgilangan. Bunda ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal uy-joy qiymatining kamida 15 foizi miqdorida belgilanadi. Kredit tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan foiz stavkasida ajratiladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish