Individual yoki guruhli mashg‘ulot: Chet tilini o‘rganishni yarim yo‘lda tashlamaslik uchun tavsiyalar

Individual yoki guruhli mashg‘ulot: Chet tilini o‘rganishni yarim yo‘lda tashlamaslik uchun tavsiyalar

Kattalar orasida uzluksiz ta’lim olishga qiziqish ortib bormoqda. Tadqiqotga ko‘ra, har 10 kishidan 6 nafari maktab, kollej yoki oliygohni tamomlaganidan keyin ham yangi ko‘nikmalarni o‘rganishda davom etadi. Mutaxassislar xorijiy tilni o‘rganishda aniq maqsad qo‘yish, shaxsiy reja tuzish va muntazam shug‘ullanish muhimligini ta’kidlamoqda.

 

Kattalar odatda bolalardan farqli ravishda baho uchun emas, o‘z maqsadlari uchun ta’lim oladi. Biroq ularda vaqt yetishmasligi, bilimlaridagi bo‘shliqlarni aniqlashdan cho‘chish va o‘zini nazorat qilishdagi qiyinchiliklar kabi muammolar bo‘lishi mumkin.

 

Tizimning yo‘qligi esa ta’lim jarayonining tartibsiz kechishiga olib keladi. O‘quvchi bir mavzudan boshqasiga o‘taveradi va natijada bilimlar bir-biri bilan bog‘lanmagan holda qolishi mumkin.

 

Shu sababli shaxsiy o‘quv rejasini tuzish tavsiya etiladi. U o‘quv jarayonini tartibga solish, rivojlanishni kuzatish va qiziqishni saqlab qolishga yordam beradi.

 

O‘rganishni hozirgi darajani aniqlashdan boshlash kerak

 

Xorijiy tilni o‘rganishda avvalo mavjud bilim darajasini aniqlash muhim. Buning uchun CEFR mezonlaridan foydalanish ham mumkin.

 

Daraja aniqlangach, shu bosqichga mos o‘quv qo‘llanmalaridagi topshiriqlarni bajarib ko‘rish mumkin. Agar ular juda oson bo‘lsa, keyingi darajaga o‘tish tavsiya etiladi.

 

Biroq internetdagi testlar har doim ham aniq natija bermasligi mumkin. Masalan, ayrim o‘quvchilarda grammatika bo‘yicha bilimlar gapirish (Speaking) va tinglab tushunish (Listening) ko‘nikmalaridan yuqori bo‘lishi mumkin.

 

Individual yoki guruhli mashg‘ulot: Chet tilini o‘rganishni yarim yo‘lda tashlamaslik uchun tavsiyalar

 

Shubha bo‘lsa, tajribali o‘qituvchiga murojaat qilish ma’qul. U tilni bilishning turli jihatlarini, jumladan, gapirish ko‘nikmasini ham baholashi mumkin.

 

Yaxshi o‘quv rejasining 3 ta muhim jihati

 

1. O‘lchab bo‘ladigan maqsad

 

Maqsad aniq va natijani baholash mumkin bo‘lgan bo‘lishi kerak. Masalan, hozirgi daraja B1 bo‘lsa, C1 darajaga chiqishni maqsad qilish mumkin.

 

Muayyan vazifa ham maqsad bo‘la oladi. Masalan, xorijiy tildagi kitobni asl nusxada o‘qish.

 

“Men ingliz tilida gapirishni o‘rganaman” kabi umumiy maqsad o‘rniga natijani o‘lchash mumkin bo‘lgan maqsad belgilash tavsiya etiladi.

 

Maqsad sari erishilgan natijalarni taqvim yoki maxsus treker yordamida qayd etish mumkin.

 

2. Mashg‘ulot uchun real vaqt ajratish

 

Ta’lim uchun kundalik jadvalni butunlay o‘zgartirish qo‘shimcha stress keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli mashg‘ulotlarni mavjud kun tartibiga moslashtirgan ma’qul.

 

Masalan, ishga borish vaqtida podkast tinglash yoki bo‘sh vaqtda xorijiy tildagi seriallarni tomosha qilish mumkin.

 

Mashg‘ulot turlarini navbatlab borish ham ta’lim jarayonini bir xillikdan xalos qiladi.

 

Individual yoki guruhli mashg‘ulot: Chet tilini o‘rganishni yarim yo‘lda tashlamaslik uchun tavsiyalar

 

3. Qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratish

 

Tashqi ta’sir ham intizomni saqlashga yordam berishi mumkin. Buning uchun repetitor bilan sinov mashg‘ulotiga yozilish, suhbat klubiga qo‘shilish yoki o‘rganish uchun sherik topish mumkin.

 

Bir xil tilni o‘rganayotgan oila a’zolari yoki do‘stlar ma’lum kunlarda faqat o‘sha tilda muloqot qilishni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

 

Lekin yangi tilni boshlayotganlar gapirishni keyinga qoldirmasliklari maqsadga muvofiq. Tilni imkon qadar erta eshitishga o‘rganish va lug‘at boyligi hali kam bo‘lsa ham gapirishga harakat qilish muhim.

 

Agar o‘qish jarayoni zerikarli bo‘lib qolsa, qisqa tanaffus qilish yoki mashg‘ulot vaqtini kamaytirish mumkin. Shuningdek, maqsad va o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.

 

Qachon tilni mustaqil o‘rganish mumkin?

 

Agar insonda avvaldan bilim bazasi bo‘lsa, tilni mustaqil ravishda o‘rganish mumkin. Masalan, maktabdagi bilimlarini eslaydigan yoki ilgari o‘qituvchi bilan shug‘ullangan kishi ularni mustaqil ravishda takrorlab, lug‘at boyligini kengaytirishi mumkin.

 

Xorijiy til shaxsiy qiziqish uchun o‘rganilayotgan bo‘lsa va qat’iy muddat yoki muhim maqsad bo‘lmasa, mustaqil ta’lim ham yetarli bo‘lishi mumkin.

 

Bundan tashqari, o‘quv rejasini tuzish, kerakli materiallarni izlash va xatolarni tahlil qilishga yetarli vaqt hamda motivatsiya bo‘lsa, mustaqil o‘rganish imkoniyati yuqori.

 

Qaysi holatlarda repetitor kerak?

 

Mutaxassis yordami quyidagi holatlarda foydali bo‘lishi mumkin:

 

  • aniq maqsad mavjud bo‘lsa — masalan, xalqaro imtihon topshirish kerak bo‘lsa;
  • o‘quv jarayonini tashkil etishga vaqt bo‘lmasa — repetitor materiallarni tanlash va reja tuzishga yordam beradi;
  • motivatsiya pasaygan bo‘lsa — o‘qituvchi muntazam shug‘ullanishni davom ettirishga yordam beradi;
  • muayyan ko‘nikmada muammo bo‘lsa — masalan, talaffuz yoki tinglab tushunish bo‘yicha qiyinchiliklar mavjud bo‘lsa.

 

Til bilimini saqlab turish uchun haftasiga bir marta repetitor bilan shug‘ullanish yetarli bo‘lishi mumkin. Sezilarli natijaga erishish uchun esa haftasiga ikki-uchta mashg‘ulot va qo‘shimcha mustaqil ish tavsiya etiladi.

 

Individual yoki guruhli mashg‘ulot?

 

Agar aniq muddatli maqsad bo‘lsa, muayyan ko‘nikmani rivojlantirish kerak bo‘lsa yoki guruh oldida gapirish noqulaylik tug‘dirsa, individual mashg‘ulotlar mos keladi.

 

Agar asosiy maqsad suhbat amaliyoti, boshqa o‘quvchilar bilan muloqot qilish va guruh muhitida o‘rganish bo‘lsa, guruhli mashg‘ulotlarni tanlash mumkin.

 

Aralash format ham samarali bo‘lishi mumkin. Masalan, haftada bir marta repetitor bilan individual shug‘ullanish, yana bir mashg‘ulotni esa guruhda o‘tkazish mumkin.

 

Individual yoki guruhli mashg‘ulot: Chet tilini o‘rganishni yarim yo‘lda tashlamaslik uchun tavsiyalar

 

Natijani qanday baholash kerak?

 

Ta’lim jarayonida rivojlanishni muntazam baholab borish motivatsiyani saqlashga yordam beradi.

 

Til o‘rganishda natijani faqat o‘tilgan darslar yoki yodlangan so‘zlar soni bilan o‘lchash shart emas. Buning o‘rniga muvaffaqiyatli topshirilgan testlar orqali til darajasidagi o‘zgarishni kuzatish mumkin.

 

Bu o‘quvchiga umumiy natijani ko‘rish va xorijiy tilni qanchalik o‘zlashtirganini baholash imkonini beradi.

 

Chet tilini o‘rganishni boshlash uchun “ideal vaqt”ni kutish shart emas. Bugunning o‘zida kichik maqsad qo‘yish mumkin. Masalan, beshta yangi so‘zni o‘rganib, ularni gaplarda qo‘llash va ovoz chiqarib takrorlashdan boshlash mumkin.

 

Avvalroq, chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga ta’sirining 5 ta foydali jihati haqida ma’lumot berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish