Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

Deyarli har bir inson hayoti davomida kamida bir marta xorijiy tilni o‘rganishga harakat qilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, chet tili o‘rganish diqqatni jamlashdan tortib, miyaning erta qarishidan himoyalanishgacha yordam beradi.

 

Olimlarning ta’kidlashicha, yangi til o‘rganish nafaqat muloqot qilish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki miya faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu jarayon davomida miyada yangi neyron aloqalar hosil bo‘ladi. Natijada miyaning neyroplastikligi — ya’ni yangi bilimlarni o‘zlashtirish, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish, stressni yengish va kognitiv salomatlikni saqlash qobiliyati rivojlanadi.

 

Mutaxassislar til o‘rganishning diqqatni jamlash, xotirani mustahkamlash, ijodiy va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish hamda miyaning erta qarish xavfini kamaytirish kabi yana bir qator ijobiy ta’sirlarini aniqlagan.

 

Quyida yangi til o‘rganishning ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan 5 ta eng muhim foydasi haqida so‘z yuritamiz.

 

1-ta’sir: Til o‘rganish ijodiy fikrlashni rivojlantiradi

 

Ko‘pchilik ijodkorlik tug‘ma qobiliyat deb hisoblaydi. Biroq zamonaviy olimlar bunga boshqacha qaraydi: ularning fikricha, ijodiy fikrlashni rivojlantirish mumkin, buning samarali usullaridan biri esa xorijiy tillarni o‘rganishdir.

 

Mutaxassislar ijodiy fikrlashni ikki turga ajratadi:

 

Divergent fikrlash — bir muammo uchun imkon qadar ko‘p va turli g‘oyalarni ilgari surish qobiliyati. Masalan, oddiy qog‘oz qisqichidan (skrepka) yana qanday maqsadlarda foydalanish mumkinligini o‘ylab topish.

 

Konvergent fikrlash — ko‘plab variantlar orasidan eng to‘g‘ri va samarali yechimni tanlay olish qobiliyati. Masalan, matematik masalani yechish yoki loyiha uchun eng maqbul budjetni hisoblash.

 

Xorijiy til — divergent fikrlashni kuchaytiradi

 

Eron va Niderlandiya olimlari ingliz tilini yaxshi o‘rgangan odamlar hamda faqat ona tilida so‘zlashadigan insonlarni solishtirib tadqiqot o‘tkazdi.

 

Ishtirokchilar mashhur Torrans ijodkorlik testi orqali baholandi. Test quyidagi ko‘rsatkichlarni o‘lchaydi:

 

  • qancha g‘oya ishlab chiqishi;
  • g‘oyalarning noodatiyligi;
  • ularning batafsilligi;
  • fikrlarning xilma-xilligi.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Natijada xorijiy tilni o‘rgangan ishtirokchilar barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori natija qayd etgan.

 

Olimlarning fikricha, yangi grammatika va lug‘atni o‘zlashtirish miyani odatiy fikrlash chegarasidan chiqishga o‘rgatadi. Shuningdek, boshqa til va madaniyat bilan tanishish insonning dunyoqarashini kengaytirib, voqealarga turli nuqtayi nazardan qarash qobiliyatini rivojlantiradi.

 

Ammo bu hali to‘liq isbotlanmagan

 

Tadqiqotchilar muhim bir jihatni ham ta’kidlaydi. Tadqiqot turli odamlarni bir vaqtning o‘zida taqqoslagan. Shu sababli, aynan til o‘rganish ijodkorlikni oshirdi, deb qat’iy xulosa qilish mumkin emas. Balki tabiatan ijodkorroq insonlar yangi tillarni o‘rganishga ko‘proq qiziqishi ham mumkin.

 

Niderlandiyalik olimlar yana bir qiziqarli tajriba o‘tkazgan. Ishtirokchilarga bir xil vazifalar ona tilida va chet tilida bajarish taklif etilgan.

 

Natijada xorijiy tilda ishlagan ishtirokchilarning konvergent fikrlash ko‘rsatkichi o‘rtacha 58 foizga yuqori bo‘lgan.

 

Biroq bu natija faqat o‘z til bilimiga ishonadigan odamlarda kuzatilgan. Xorijiy tilda gapirishdan xavotirlanadigan ishtirokchilarda esa aksincha, natijalar 49 foizga past bo‘lgan.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Nega bunday bo‘ladi?

 

Olimlar buni shunday izohlaydi: inson xorijiy tilda ishlaganda vaziyatga nisbatan hissiyotlardan biroz uzoqlashadi. Bu esa muammoni sovuqqonlik bilan tahlil qilish va mantiqiy qaror qabul qilishni osonlashtiradi.

 

Ammo tilni yaxshi bilmaydiganlarda aksincha, xavotir va ishonchsizlik kuchayadi. Bu esa fikrlash jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

 

Shunday ekan, xorijiy tilni yaxshi darajada egallash nafaqat muloqot qilish imkoniyatini kengaytiradi, balki ijodkorlik, muammolarni tahlil qilish va oqilona qaror qabul qilish kabi muhim ko‘nikmalarni ham rivojlantirishga yordam beradi.

 

2-ta’sir: Chet tilini o‘rganish ishchi xotirani kuchaytiradi

 

Chet tilini o‘rganish nafaqat ijodiy fikrlashni rivojlantiradi, balki ishchi xotira (working memory) faoliyatini ham sezilarli darajada yaxshilaydi. Ilmiy tadqiqotlarning katta qismi aynan shu yo‘nalishga bag‘ishlangan.

 

Ishchi xotira — bu ma’lumotni shunchaki eslab qolish emas, balki uni ayni paytda qayta ishlash va undan foydalanish imkonini beradigan miya tizimi. Psixologlar Alan Beddeli va Grem Xitch nazariyasiga ko‘ra, ishchi xotira bir nechta qismlardan iborat.

 

Ulardan biri fonologik sikl bo‘lib, u ichki “ovoz yozgich” vazifasini bajaradi. Masalan, yangi eshitilgan xorijiy so‘zni uni eslab qolgunimizcha ichimizda qayta-qayta takrorlaymiz.

 

Ikkinchi qism esa vizual-fazoviy bloknot bo‘lib, u rasmlar, tasvirlar va buyumlarning joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni vaqtincha saqlaydi. Uchinchi qism — markaziy boshqaruvchi tizim bo‘lib, qolgan ikki tizimdan kelayotgan ma’lumotlarni muvofiqlashtiradi.

 

Chet tilini o‘rganayotgan inson ushbu tizimlarning barchasini bir vaqtning o‘zida faol ishlatadi. Miya doim ikki til o‘rtasida almashadi, kerakli tilga e’tibor qaratadi va boshqasini vaqtincha chetga suradi. Shu sababli til o‘rganish ishchi xotira uchun samarali mashq hisoblanadi.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Tadqiqotlar ham bilingvizm (ikki tilda so‘zlasha olish) ishchi xotirani rivojlantirishini tasdiqlaydi.

 

Tajriba davomida ingliz tilini o‘rgangan ishtirokchilar “n-back” deb nomlanuvchi maxsus testni bajardilar. Bu usul ishchi xotirani baholashda eng ishonchli metodlardan biri hisoblanadi. Ishtirokchilarga rus alifbosidagi undosh harflar ketma-ket ko‘rsatilib, joriy harf bir necha qadam oldin ko‘rsatilgan harf bilan bir xil yoki yo‘qligini aniqlash so‘ralgan.

 

Testning murakkabligi 4 bosqichdan iborat bo‘lib, bosqich oshgani sayin xotiraga tushadigan yuklama ham ortib borgan. Natijalar javoblarning aniqligi, tezligi va tezlik bilan aniqlik o‘rtasidagi muvozanat asosida baholangan.

 

Dastlabki ikki bosqichda ishtirokchilar o‘rtasida deyarli farq kuzatilmagan. Ammo eng murakkab bosqichda ingliz tilini yuqori darajada bilganlar topshiriqlarni boshqalarga qaraganda tezroq va aniqroq bajargan. Tilni kamroq bilgan ishtirokchilar esa shoshilish oqibatida ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ygan.

 

Olimlar xulosasiga ko‘ra, tilni yaxshi biladigan insonlarning miyasi vazifalar o‘rtasida avtomatik ravishda samaraliroq almashadi va ortiqcha energiya sarflamaydi. Natijada ularning kognitiv samaradorligi yuqoriroq bo‘ladi.

 

Qiziqarli jihati shundaki, tadqiqot natijalariga ko‘ra chet tilini qaysi yoshda o‘rganishni boshlaganingiz yoki undan kundalik hayotda qanchalik tez-tez foydalanishingiz emas, balki uni qanchalik mukammal o‘zlashtirganingiz muhimroq. Demak, miyani rivojlantirish va kognitiv moslashuvchanlikni oshirish uchun chet tilini o‘rganishni boshlash hech qachon kech emas.

 

3-ta’sir: Chet tilini o‘rganish uzoq muddatli xotirani mustahkamlaydi

 

Chet tilini o‘rganish nafaqat ishchi xotirani, balki uzoq muddatli xotirani ham yaxshilashi mumkin. Bu haqda, avvalo, neyrobiologik tadqiqotlar dalolat beradi. Olimlar til o‘rganish jarayonining gippokamp — yangi ma’lumotlarni qisqa muddatli xotiradan uzoq muddatli xotiraga o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan miya qismiga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan.

 

Masalan, shved neyrobiologlari yosh harbiy tarjimonlar ishtirokida tadqiqot o‘tkazgan. Ular bir necha oy ichida arab, rus yoki dari (afg‘on-fors) tillarini noldan boshlab erkin muloqot qila oladigan darajagacha o‘rganishlari kerak bo‘lgan.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Kurs boshlanishidan oldin va yakunlangandan so‘ng ishtirokchilarning miyasi funksional MRT orqali tekshirilgan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, tilni muvaffaqiyatli o‘zlashtirganlarda gippokamp hajmi va uzoq muddatli xotira bilan bog‘liq miya qismlarining faolligi sezilarli darajada oshgan.

 

Taqqoslash uchun o‘sha davrda xuddi shunday intensiv o‘qigan tibbiyot va kognitiv fanlar talabalari ham kuzatilgan. Ammo ularda bunday o‘zgarishlar aniqlanmagan.

 

Olimlarning fikricha, bu jarayon miyaning yangi so‘zlarni qanday o‘zlashtirishi bilan bog‘liq. Chunki har bir yangi so‘z shunchaki tovush yoki tarjima emas. U talaffuzi, yozilishi, ma’nosi, qo‘llanish holatlari va madaniy mazmunini o‘z ichiga olgan murakkab bog‘lanishlar tizimidir.

 

Masalan, nemis tilidagi “Sehnsucht” so‘zi oddiygina “sog‘inch” degani emas. U “ehtimol hech qachon mavjud bo‘lmagan narsaga nisbatan chuqur sog‘inish” ma’nosini anglatadi. Bu tushuncha nemis madaniyatida Gyote ijodi, romantizm va idealni izlash kabi falsafiy g‘oyalar bilan bog‘liq. Rus yoki ingliz tillarida esa bu so‘zning aynan o‘xshash muqobili mavjud emas.

 

Shu sababli bitta yangi so‘zni o‘rganish jarayonida miyaning nafaqat nutq markazlari, balki tasvir, harakat va hissiyotlarga javob beruvchi qismlari ham faol ishlaydi. Natijada xotirada hosil bo‘ladigan iz yanada mustahkam va uzoq saqlanadigan bo‘ladi.

 

Biroq olimlar bu boradagi tadqiqotlar hali yakuniy xulosaga kelmaganini ta’kidlashadi. Ba’zi izlanishlar til o‘rganish uzoq muddatli xotirani yaxshilashini ko‘rsatsa, ayrimlarida bunday ta’sir tasdiqlanmagan.

 

4-ta’sir: Chet tilini o‘rganish diqqatni jamlash qobiliyatini oshiradi

 

Chet tilini o‘rganish nafaqat ijodiy fikrlash va xotirani rivojlantiradi, balki diqqatni jamlash, ya’ni muhim ma’lumotga e’tibor qaratish qobiliyatini ham yaxshilaydi. Buni kanadalik olimlar o‘tkazgan bir qator ilmiy tadqiqotlar tasdiqlagan.

 

Tadqiqotlarning birida 2 guruh ishtirok etgan: ikki tilni biladiganlar (bilinguallar) va faqat bitta tilni biladiganlar (monolinguallar). Ularga miya faoliyatini baholash uchun Saymon testi deb ataladigan topshiriq berilgan.

 

Test davomida ekranning chap yoki o‘ng tomonida rangli to‘rtburchak paydo bo‘lgan. Ishtirokchilar uning joylashuviga emas, faqat rangiga qarab tegishli tugmani bosishlari kerak bo‘lgan.

 

Masalan, qizil rang uchun chap tugmani bosish talab qilinsa, qizil to‘rtburchak ekranning o‘ng tomonida paydo bo‘lgan. Bunday vaziyatda odamning miyasi avtomatik ravishda o‘ng tomondagi tugmani bosishga moyil bo‘ladi. Ammo to‘g‘ri javob berish uchun shu instinktni bostirib, rangga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Olimlar aynan shunday vaziyatlarda insonning diqqatni boshqara olish qobiliyatini o‘lchashgan. Natijada ikki tilni biladigan ishtirokchilar topshiriqni bitta tilni biladiganlarga qaraganda tezroq va aniqroq bajargan.

 

Ayniqsa, bu ustunlik katta yoshdagi bilinguallarda yaqqolroq namoyon bo‘lgan. Tadqiqotchilar buni shunday izohlaydi: ikki tilni muntazam ishlatadigan insonning miyasi keraksiz ma’lumotlarni chetga surish va asosiy vazifaga e’tibor qaratishga doimo mashq qiladi. Yosh o‘tishi bilan bu qobiliyat odamlarda asta-sekin susaysa-da, bilinguallarda u uzoqroq vaqt davomida yaxshi saqlanib qoladi.

 

Yana bir tadqiqot esa qiziqarli natijani ko‘rsatdi. Chet tilini atigi bir hafta davomida muntazam o‘rganishning o‘zi ham diqqatni jamlash va keraksiz ma’lumotlarni e’tibordan chetda qoldirish qobiliyatini yaxshilashi mumkin. Buning uchun tilni mukammal bilish shart emas.

 

Bu shuni anglatadiki, diqqatni rivojlantirishda eng muhim omil — tilni bilish darajasi emas, balki uni o‘rganish jarayonining o‘zi. Chunki yangi so‘zlar, grammatik qoidalar va ma’lumotlarni yodda saqlashga bo‘lgan muntazam intilish miyaning diqqatni boshqarish tizimini doimiy ravishda mashq qildiradi.

 

5-ta’sir: Chet tilini o‘rganish miyaning qarish jarayonini sekinlashtirishi mumkin

 

Yosh o‘tishi bilan miya faoliyatida ma’lum o‘zgarishlar yuz beradi. Bu tabiiy jarayon. Biroq bu o‘zgarishlarning tezligi va darajasi har bir insonda turlicha kechadi. Olimlar esa uzoq yillardan beri miyaning qarishini sekinlashtiradigan omillarni izlab kelmoqda. Ana shunday omillardan biri sifatida chet tillarini o‘rganish e’tirof etilmoqda.

 

Mutaxassislar buni kognitiv zaxira (cognitive reserve) tushunchasi bilan izohlaydi.

 

Kognitiv zaxira — bu miyaning shikastlangan qismlar faoliyatini boshqa neyron aloqalar orqali qoplay olish qobiliyatidir. Ya’ni ikki kishining miyasida bir xil darajadagi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, ammo kognitiv zaxirasi kuchli bo‘lgan inson fikrlash, xotira va kundalik faoliyatini uzoqroq vaqt davomida saqlab qola oladi.

 

Chet tilini o‘rganish miya va tafakkurga qanday ta’sir qiladi? 5 ta foydali jihat

 

Olimlarning fikricha, chet tillarini muntazam o‘rganish va ulardan foydalanish aynan shu kognitiv zaxirani mustahkamlaydi.

 

Buni Hindiston olimlari olib borgan tadqiqot ham tasdiqlaydi. Ular demensiya (aqliy zaiflashuv) tashxisi qo‘yilgan 648 nafar bemorning tibbiy ma’lumotlarini tahlil qilgan. Natijada ikki tilni biladigan insonlarda demensiya o‘rtacha 4,5 yil kechroq aniqlangani ma’lum bo‘lgan.

 

Qizig‘i shundaki, bunday natija hatto umuman maktabda o‘qimagan, savodsiz bemorlarda ham kuzatilgan. Bu esa ijobiy ta’sirning sababi ta’lim darajasi emas, aynan til amaliyoti ekanini ko‘rsatadi.

 

Miya faoliyatini tasvirlash orqali o‘tkazilgan tadqiqotlar ham shunga o‘xshash xulosani bergan. Ikki tilni biladigan, ammo demensiyaga chalingan insonlarning miyasida kasallik bilan bog‘liq o‘zgarishlar ko‘proq bo‘lsa ham, ularning xotirasi va fikrlash qobiliyati uzoqroq vaqt yaxshi saqlanib qolgan.

 

Boshqacha aytganda, ikki tilni biladigan insonning miyasi ko‘proq shikastlanishga bardosh bera oladi, kasallik esa tashqi belgilarini kechroq namoyon qiladi. Olimlarning ta’kidlashicha, til o‘rganish kasallikning o‘zini to‘xtatmaydi, biroq insonning miya faoliyatini uzoqroq vaqt davomida saqlab qolishga yordam beradi.

 

Qayd etilishicha, bu fikrni 2025-yilda o‘tkazilgan yirik tadqiqot ham qo‘llab-quvvatlagan. Unda Yevropaning 27 davlatidan 51–91 yoshdagi 86 mingdan ortiq sog‘lom inson ishtirok etgan.

 

Natijalarga ko‘ra, ikki va undan ortiq tilda muntazam muloqot qiladigan insonlarda miyaning erta qarishi xavfi faqat bitta tilni biladiganlarga nisbatan deyarli ikki baravar past bo‘lgan. Shuningdek, inson qancha ko‘p til bilsa, yoshga bog‘liq o‘zgarishlardan himoyalanish darajasi ham shunchalik yuqori ekani aniqlangan.

 

Shu bois olimlar chet tilini qisqa muddat o‘rganish miyaning faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi, degan xulosaga kelgan. Demak, miyaning uzoq muddat sog‘lom ishlashi uchun chet tilini muntazam va yillar davomida o‘rganish hamda undan faol foydalanish muhim hisoblanadi.

 

Avvalroq, zamonaviy o‘smirlar chet tilini qanday o‘rganayotgani bo‘yicha so‘rovnoma tahlillari haqida ma’lumot berilgandi.