Kasallik nafaqasining dastlabki 5 kuni ish beruvchi, keyingi kunlari esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi. Xodim yil davomida bir necha marta kasal bo‘lsa, nafaqa qanday hisoblanishi, uning miqdori va boshqa holatlarda to‘lov tartibi qanday bo‘lishini ko‘rib chiqamiz.
Kasallik nafaqasining dastlabki 5 kuni har bir kasallik holati uchun alohida hisoblanadimi?
— Yo‘q. Dastlabki 5 kun har bir kasallik varaqasi uchun emas, bir yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining beshinchi kunigacha bo‘lgan qismi ish beruvchi tomonidan, oltinchi kundan boshlab esa to‘lov Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.
Xodim bir yil davomida bir necha marta kasal bo‘lsa, nafaqani kim to‘laydi?
— Tegishli kalendar yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining beshinchi kunigacha bo‘lgan qismi— ish beruvchi hisobidan to‘lanadi. Keyingi kasallik kunlari esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi. Nafaqa, bir kalendar yilida jami 182 kalendar kungacha to‘lanadi. Yakshanba va bayram kunlari uchun nafaqa hisoblanmaydi.
Misol: xodim birinchi marta 3 kun kasal bo‘ldi — 3 kunni ish beruvchi to‘laydi. Ikkinchi marta 4 kun kasal bo‘lsa, uning dastlabki 2 kunini ish beruvchi, qolgan 2 kunini Jamg‘arma to‘laydi. Keyingi kasallik kunlari esa Jamg‘arma hisobidan to‘lanadi.
Kasallik nafaqasi miqdori qanday aniqlanadi va undan daromad solig‘i ushlab qolinadimi?
— Nafaqa miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqi va sug‘urta stajiga qarab hisoblanadi. Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lsa — o‘rtacha oylik ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq bo‘lsa — 80 foizi miqdorida hisoblanadi.
I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan to‘rt yoki undan ortiq farzandi bo‘lgan yoxud qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan farzandi bo‘lgan sug‘urtalangan shaxslarga staj koeffitsienti 20 foiz bandga oshirilgan holda hisoblanadi. Hisoblangan nafaqadan jismoniy shaxslar daromad solig‘i ushlab qolinadi.
Nafaqa kechiksa yoki tizimda uning holati ko‘rinmasa, qayerga murojaat qilish kerak?
— Avvalo ish beruvchining kadrlar yoki buxgalteriya bo‘limiga murojaat qilib ish haqi hamda mehnat stajiga oid ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganini tekshirish lozim. Kasallik varaqasi bo‘yicha muamma bo‘lsa ushbu kasallik varaqasini rasmiylashtirilgan tibbiyot muassasasiga, nafaqa holatini my.gov.uz orqali ham ko‘rish va qo‘shimcha ma’lumot uchun 1070 call-markaziga murojaat qilish mumkin.
Xodim bir nechta tashkilotda yoki to‘liq bo‘lmagan ish vaqtida ishlasa, nafaqa qanday hisoblanadi?
— O‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodim uchun ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan qism, ya’ni kalendar yilidagi dastlabki 5 kun har bir ish joyi bo‘yicha to‘lanadi. To‘liq bo‘lmagan ish vaqtida ishlovchi xodimning nafaqasi esa haqiqatda hisoblangan o‘rtacha ish haqi va sug‘urta stajidan kelib chiqib aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq endi dekret va kasallik nafaqalari yangi tartib asosida tayinlanishi haqida xabar bergan edik. Yangi tartib bilan sugʻurta stajini hisoblash boʻyicha ayrim talablar yengillashtirilib, qoʻshimcha 3 mingga yaqin ayolga dekret nafaqasini olish imkoniyati yaratiladi.
