Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)

Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)

Fransiyada o‘quvchilarning maktablardagi sharoit va dars yuklamasiga qarshi noroziliklari mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Namoyishlar fonida qariyb 400 ta maktab yopilishi kutilmoqda, yuzlab o‘quvchi va xodimlar jarohatlangan.

 

Xabaringiz bor, avvalroq ta’lim sharoitlari sabab Fransiyada yuzlab o‘quvchilar namoyishga chiqqani haqida xabar berilgandi.

 

Fransiyalik o‘quvchilar dars soatlarining haddan tashqari uzunligi, maktablardagi sharoitlarning talabga javob bermayotgani, jumladan, sinfxonalarning haddan tashqari issiqligi hamda xodimlar yetishmasligidan norozi.

 

Kecha, 2-oktyabr kuni o‘quvchilar tartibsizligi sabab hukumat yig‘ilish o‘tkazdi. Fransiya Bosh vaziri mamlakat bo‘ylab yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokidagi tartibsizliklar sabab yig‘ilish chaqirdi.

 

Sababi o‘quvchilar tomonidan binolar va bekatlarga zarar yetkazish, o‘t qo‘yish holatlari davom etmoqda. O‘tgan hafta boshlangan va mamlakat bo‘ylab tarqalgan norozilik namoyishlari oqibatida qariyb 400 ta maktab yopildi.

 

Parij hududida boshlangan va qisqa vaqt ichida mamlakatning boshqa hududlariga ham yoyilgan noroziliklarda yuqori sinf o‘quvchilari maktablarga kirish yo‘llarini to‘sib, politsiya bilan to‘qnashmoqda.

 

Ta’lim vazirligi joriy yil 2-oktyabr kuni kun davomida 564 ta maktabda turli namoyishlar yoki faoliyatdagi uzilishlar qayd etilganini ma’lum qildi.

 

O‘quvchilarning aytishicha, dars soatlari haddan tashqari uzun, maktablardagi sharoitlar, jumladan, sinfxonalarning haddan tashqari issiqligi talabga javob bermaydi. Shuningdek, ular maktab xodimlarining ko‘p hollarda ishda bo‘lmasligidan norozi.

 

Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)
Reuters
Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)
Euronews

 

Hukumat o‘quvchilarning e’tirozlarini asosli deb hisoblashini bildirgan, biroq namoyishlar davomida yuz berayotgan holatlarni “ko‘cha zo‘ravonligi” deb baholab, ularni qoralagan.

 

Euronews’ning yozishicha, o‘quvchilar esa politsiyani kuch ishlatishda me’yorni oshirib yuborayotganlikda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, namoyishlarni tarqatish uchun muntazam ravishda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanayotgani oqibatida ayrimlar jarohatlangan.

 

Shuningdek, kecha Parijda ikki maktabning kirish qismida yong‘in chiqqan. Shaharning janubidagi Leonard de Vinci va janubi-sharqidagi Gaston-Bachelard maktablarida yuz bergan yong‘inlarni o‘chirish uchun o‘t o‘chiruvchilar chaqirilgan. Bu haqda AFP fotomuxbiri xabar berdi.

 

“Harakat o‘ta zo‘ravon guruhlar ta’siriga tushgan”

 

2-oktyabr holatiga koʻra, mamlakatda 400 ta maktab yopilgan, taʼlim onlayn shaklga oʻtkazilgan. Namoyishchilarni bostirish doirasida 2000 dan ortiq odam hibsga olingan.

 

Ta’lim vaziri Eduard Geffray “maktab o‘quvchilarining harakati o‘ta zo‘ravon guruhlar tomonidan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanilmoqda”, deb aytgan.

 

Xususan, u mamlakatdagi 3 700 ta maktabdan qariyb 400 tasi 2-oktyabr kuni yopilishi kutilayotganini qo‘shimcha qilgan.

 

Ko‘plab maktablarda, ayniqsa mamlakat janubidagi Marsel shahrida, darslar masofaviyga o‘tkazilgan.

 

Ta’lim vaziri BFMTV telekanaliga bergan intervyusida noroziliklar boshlanganidan beri kamida 65 nafar xodim, jumladan, 40 nafar maktab direktori jarohatlanganini ma’lum qilgan.

 

Shu bilan birga, qariyb 170 nafar o‘quvchi jarohatlangan, 100 dan ortiq maktabga esa jiddiy zarar yetkazilgan.

 

Ota-onalar qat’iy pozitsiya bildirishi va farzandlariga namoyishlarga bormaslikni aytishi kerak. Hozir eng muhimi — farzandlarimiz ko‘chalarda bo‘lmasligini ta’minlash, chunki ular xavf ostida, — ta’kidlagan u.

 

Adliya vaziri Jerald Darmanen prokurorlardan namoyishlar vaqtida farzandlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun ota-onalarni javobgarlikka tortish va ta’mirlash xarajatlarini qoplatishni so‘raganini bildirdi.

 

Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)

Fransiyada o‘quvchilarning yangi norozilik namoyishlari sabab 400 ga yaqin maktab yopildi (video)

 

Darmanen RTL telekanaliga ma’lum qilishicha, noroziliklar boshlanganidan beri qariyb 2 ming kishi politsiya tomonidan qo‘lga olingan, ularning 90 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi.

 

“Biz g‘alaba qozondik”

 

Fransiyaning g‘arbiy qismidagi Renn shahrida Jean-Mace maktabi oldida vaziyat allaqachon keskinlashgan edi. Qora kiyim va niqob taqqan o‘quvchilar ko‘plab politsiyachilar turgan hudud yaqinida to‘planishgan.

 

O‘ylashimizcha, biz g‘alaba qozondik, maktabimiz bugun ertalab yopildi, — degan 16 yoshli o‘quvchi.

 

U politsiyaning xatti-harakatlarini zo‘ravonlik deb baholab, “Bu bizni yanada g‘azablantirmoqda. Politsiyaning bizni urishga yoki ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llashga haqqi yo‘q”, degan.

 

G‘arbiy Fransiyadagi Brest shahrida joylashgan Kerichen maktabi oldida ham politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Bu haqda AFP fotomuxbiri xabar bergan.

 

Avvalroq, Chilida talabalar va o‘qituvchilar ta’lim xarajatlari qisqartirilgani uchun namoyish uyushtirishgani haqida xabar berilgandi.