Yaxshi ustoz o‘quvchiga faqat bilim berib qolmay, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va kelajakka qarashiga ham ta’sir qilishi mumkin. O‘qituvchi va o‘quvchi munosabati, ta’lim va tarbiya mavzularini yoritadigan turli mamlakatlarda suratga olingan 5 ta mashhur filmni jamladik.
O‘qituvchi obrazi kinolarda turlicha tasvirlanadi. Ayrim filmlarda ustoz qiyin sinf bilan til topishishga harakat qilsa, boshqalarida o‘quvchisining boshqalardan farqli qobiliyatini payqaydi. Yana ayrim asarlarda esa maktabdagi muammolar va o‘qituvchilarning duch kelayotgan qiyinchiliklari ko‘rsatiladi.
Quyidagi filmlarda ustoz va shogird munosabati, mustaqil fikrlash, bolani tushunish, tarbiya va ta’limdagi muammolar turli voqealar orqali yoritilgan. Ularning ayrimlari o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
1. “Dead Poets Society” — AQSH, 1989-yil (O‘lik shoirlar jamiyati)

Robin Williams ijro etgan ingliz tili o‘qituvchisi Jon Kiting nufuzli va qat’iy qoidalarga ega maktabga ishga keladi. Uning dars berish uslubi boshqa o‘qituvchilarnikidan ancha farq qiladi: Kiting o‘quvchilarni she’rlarni shunchaki yodlashga emas, ularning mazmuni haqida mustaqil fikrlashga undaydi.
U o‘quvchilarga adabiyot orqali o‘z fikrini erkin ifodalash, hayotdagi tanlovlari haqida o‘ylash va o‘z qiziqishlarini izlashga yordam beradi. Biroq uning qarashlari maktabdagi qat’iy tartib va an’anaviy ta’lim yondashuvi bilan to‘qnash keladi.
Film aynan shu jihati bilan ustozning o‘quvchi dunyoqarashiga ta’siri va ta’limdagi erkin fikr masalasini ko‘rsatib beradi.
2. “The Ron Clark Story” — AQSH, 2006-yil

Matthew Perry ijro etgan Ron Klark qulay ishini tashlab, Nyu-Yorkdagi o‘quvchilari tartibi va o‘qishida muammolar bo‘lgan sinfda dars bera boshlaydi. Dastlab o‘quvchilar yangi o‘qituvchini jiddiy qabul qilmaydi va uning darslariga qarshilik ko‘rsatadi.
Klark esa sinfdagi har bir o‘quvchiga alohida yondashishga harakat qiladi. U darslarni qiziqarliroq qilish uchun turli usullardan foydalanadi, o‘quvchilar bilan ishonchli munosabat o‘rnatadi va ulardan yuqori natija kutishini ochiq bildiradi.
Film davomida dastlab o‘qishga qiziqmagan o‘quvchilarning asta-sekin o‘z imkoniyatlariga ishonchi ortib borishi ko‘rsatiladi. Asar haqiqiy o‘qituvchi Ron Klark faoliyatidan ilhomlangan.
3. “Taare Zameen Par” — Hindiston, 2007-yil (Yerdagi yulduzchalar)

“Yerdagi yulduzchalar” nomi bilan ham tanilgan film maktabda o‘qishda qiynalayotgan Ishaan ismli bola haqida. Uning past baholari va darsdagi qiyinchiliklari sababli atrofidagi kattalar uni uzoq vaqt davomida to‘g‘ri tushunmaydi.
Vaziyat maktabga yangi san’at o‘qituvchisi Ram Shankar Nikumbh kelganidan keyin o‘zgaradi. U Ishaanning muammolariga boshqalardan farqli ravishda yondashadi va bolaning rasm chizishga bo‘lgan qobiliyatini payqaydi.
Nikumbh Ishaanga bosim o‘tkazish o‘rniga, uning qiyinchiliklarini tushunishga va o‘ziga bo‘lgan ishonchini tiklashga yordam beradi. Film o‘quvchini faqat baholari bilan baholamaslik va har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyatlarini ko‘ra bilish muhimligini ko‘rsatadi.
4. “The Chorus” / “Les Choristes” — Fransiya, 2004-yil (Xorchilar)

Voqealar 1940-yillar oxiridagi Fransiyadagi tarbiyasi og‘ir bolalar uchun mo‘ljallangan maktab-internatda kechadi. Bu yerda qat’iy intizom va jazoga asoslangan yondashuv hukmron edi.
Maktabga musiqa o‘qituvchisi Klement Matyo ishga kelgach, bolalar bilan ishlashning boshqa yo‘lini izlaydi. U o‘quvchilardan tashkil topgan xor tuzadi. Dastlab bunga jiddiy qaramagan bolalar asta-sekin musiqa bilan shug‘ullana boshlaydi.
Xor orqali Matyo bolalarning nafaqat musiqiy qobiliyatini, balki o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham rivojlantirishga harakat qiladi. Film qattiq jazodan ko‘ra ishonch va e’tibor orqali bolaga ta’sir qilish mumkinligini ko‘rsatadi.
5. “Teach You A Lesson” — Janubiy Koreya, 2026-yil

Netflix’ning 10 qismli K-dramasi Janubiy Koreya maktablaridagi muammolar, o‘qituvchilar huquqi va o‘quvchilar hamda ota-onalar bilan bog‘liq nizolarni markazga olib chiqadi.
Serial voqealari muammoli maktablarga aralashadigan Ta’lim huquqlarini himoya qilish byurosi atrofida kechadi. Qahramonlar maktablardagi zo‘ravonlik holatlarini tekshiradi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga qo‘yilgan asossiz ayblovlarni ko‘rib chiqadi hamda ta’lim tizimidagi boshqa muammolar bilan shug‘ullanadi.
Serialning yana bir jihati — unda maktabdagi vaziyat o‘quvchilar bilan bir qatorda o‘qituvchilar nuqtayi nazaridan ham ko‘rsatiladi. Shu sababli u Janubiy Koreyada pedagoglar orasida ham turlicha munosabatlarga sabab bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Teach You A Lesson” va uning koreyalik pedagoglar orasidagi muhokamasi haqida yozgan edik.
