Netflix’ning yangi K-dramasi koreyalik o‘qituvchilarni ikki qarashga ajratdi

Netflix’ning yangi K-dramasi koreyalik o‘qituvchilarni ikki qarashga ajratdi

Iyun oyining eng ommabop seriallaridan biriga aylanayotgan “Teach You A Lesson” (“Senga saboq beraman”) K-dramasi premyerasidan atigi uch kun o‘tib Netflix’ning global reytinglarida 1-o‘ringa chiqdi. Biroq Janubiy Koreya ta’lim tizimidagi muammolarni keskin va ochiq yoritgan ushbu serial tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘layotgan bir paytda, mamlakat o‘qituvchilari orasida turlicha munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.

 

Mashhur Naver veb-komiksi asosida suratga olingan 10 qismli serial voqealari muammoli maktablarga aralashadigan Ta’lim huquqlarini himoya qilish byurosi atrofida kechadi. Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ushbu tuzilma maktablardagi zo‘ravonlik holatlarini tekshiradi, o‘qituvchi va o‘quvchilarga qo‘yilgan yolg‘on ayblovlarni fosh etadi, tajovuzkor ota-onalar hamda ta’lim tizimidagi kamchiliklarga qarshi kurashadi.

 

Netflix’ning Tudum platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, serial 1–7 iyun haftasida ingliz tilida bo‘lmagan teleko‘rsatuvlar orasida dunyo reytingida 1-o‘rinni egallagan. 5-iyun kuni namoyish etilgan loyiha dastlabki 3 kun ichida 6,4 million tomosha yig‘gan.

 

The Straits times nashrining yozishiga ko‘ra, tomoshabinlar serialni voqealarning tez rivojlanishi va adolat hissini uyg‘otuvchi sahnalari uchun maqtamoqda. Ammo koreyalik o‘qituvchilarning fikri bir xil emas.

 

Seuldagi o‘rta maktab o‘qituvchisi, familiyasi Choi bo‘lgan pedagogning aytishicha, serial davlat maktablaridagi og‘ir vaziyatlarni ko‘rsatib bergani bilan muhim, ammo ba’zi tomoshabinlarda o‘quvchilarga nisbatan zo‘ravonlik ayrim hollarda ta’limning zarur vositasi sifatida qabul qilinishi mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

 

Yana bir o‘qituvchi, Seuldagi Gvangnam o‘rta maktabida ishlovchi 30 yoshlar atrofidagi pedagog esa serial zamonaviy sinfxonalardagi ko‘plab muammolarni aniq aks ettirganini, biroq voqealar yakuni haddan tashqari fantastik tus olganini ta’kidlagan.

 

Serial maktablardagi real vaziyatni yaxshi ko‘rsatgan. Ammo yakuni juda ham hayotiy emas. Haqiqiy maktablarda ham serialda tasvirlanganidek o‘qituvchilarni himoya qiladigan mexanizmlar bo‘lishini istardim, — dedi u.

 

Serial yuzasidan bahslar internetda ham davom etmoqda. Xususan, foydalanuvchilar ish joyini tasdiqlashi talab etiladigan anonim platforma Blind’da o‘qituvchilar faol muhokama olib bormoqda.

 

Teach You A Lesson: Why Is Netflix K-Drama Getting Praised And Slammed At The Same Time? Full Matter EXPLAINED | Kim Mu-Yeol | Get Schooled | Times Now

 

Ulardan biri shunday yozgan:

 

Serialni tomosha qilganimdan keyin oilam: “O‘qituvchilarga bu serial juda yoqsa kerak”, dedi. Men esa aksincha, uni dahshatli deb hisoblashimni aytdim.

 

Janubiy Koreyaning eng yirik pedagoglar tashkiloti — Koreya o‘qituvchilar uyushmalari federatsiyasi (KFTA) serialning ommalashishiga sabab sifatida bugungi pedagoglarning umidsizlik va ojizlik hissini ko‘rsatib bera olganini ta’kidladi.

 

Joriy yilning 8-iyun kuni e’lon qilingan bayonotda tashkilot serial zamonaviy sinflardagi murakkab vaziyatlarni yoritib berganini qayd etgan.

 

Serial bugungi sinfxonalardagi tartibning buzilishi, ayrim intizomga bo‘ysunmaydigan o‘quvchilar tomonidan o‘qituvchilar huquqlarining poymol qilinishi va turli asossiz shikoyatlar tufayli o‘zini himoyasiz his qilayotgan pedagoglarning tushkunligini ochib beradi, — deyiladi bayonotda.

 

Biroq tashkilotga ko‘ra, serialning asosiy kamchiligi shundaki, unda o‘qituvchilarga kuch ishlatish vakolati emas, balki qonuniy himoya mexanizmlari zarur ekani yetarlicha aks ettirilmagan.

 

KFTA ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2025-yilning o‘zida o‘qituvchilar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 438 ta holat qayd etilgan.

 

Tashkilot prezidenti Kang Ju Xoning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil may oyida sinfxonani shamollatish maqsadida derazalarni ochgan o‘qituvchi o‘quvchiga nisbatan zo‘ravonlikda ayblangan. Yana bir holatda sinfdoshiga tarsaki tushirgan o‘quvchini tartibga chaqirgan pedagog ustidan shikoyat qilingan. Shuningdek, dars vaqtida raqs tushayotgan o‘quvchini to‘xtatgan o‘qituvchi ham ayblovlarga duch kelgan.

 

Shu munosabat bilan tashkilot “Bolalar farovonligi to‘g‘risida”gi qonun va “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik to‘g‘risida”gi qonunga tezkor o‘zgartirishlar kiritishga chaqirgan.

 

Serial shu tariqa nafaqat ko‘ngilochar loyiha, balki Janubiy Koreya ta’lim tizimidagi muammolar, o‘qituvchilar huquqlari va maktablardagi tartib masalalari bo‘yicha keng jamoatchilik muhokamasiga ham sabab bo‘lmoqda.