Xitoy sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislarning xorijga chiqishini yanada qiyinlashtirmoqda. Endilikda ayrim mutaxassislarning oila a’zolari ham xorijga chiqishdan oldin ruxsat olishi kerak bo‘ladi.
Joriy yilning may oyida Xitoy Alibaba Group Holding va DeepSeek kabi xususiy kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali sun’iy intellekt mutaxassislarining xorijga chiqishini cheklayotganini ma’lum qilgandi.
Endi bu tizim xususiy kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali sun’iy intellekt mutaxassislarining oila a’zolariga ham tatbiq etiladi. Bu choralar muhim texnologiyalar va axborotning AQShga chiqib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Cheklovlar kimlarga taalluqli?
Masaladan xabardor manbalarning aytishicha, hukumat idoralari yaqinda kengaytirilgan cheklovlar haqida tegishli shaxslarni xabardor qila boshlagan. Ular orasida taniqli startap asoschilari, shuningdek, sun’iy intellekt bilan bog‘liq strategik ahamiyatga ega kompaniyalar rahbarlari ham bor.
Ma’lum qilinishicha, davlat xavfsizligi uchun faoliyati nihoyatda muhim deb hisoblangan ayrim sun’iy intellekt va chip ishlab chiqarish sohasi rahbarlarining turmush o‘rtoqlari va farzandlari hatto qisqa muddatga xorijga chiqish uchun ham Pekindan ruxsat olishi kerak.
Bu Xitoyning eng nufuzli texnologiya mutaxassislari — tadbirkorlar, tadqiqotchilar va rahbarlarning harakatlanish erkinligiga nisbatan avval joriy qilingan cheklovlarning yanada kengaytirilganini anglatadi.
Yangi talab xorijga chiqishni to‘liq taqiqlamasa-da, texnologiya sektoridagi mavjud cheklovlarni yanada kuchaytirishi mumkin.
Xitoy AI mutaxassislarini nima sababdan cheklamoqda?
Bloomberg News may oyida xabar berganidek, Xitoy 2026-yil boshidan Alibaba va DeepSeek kabi xususiy kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali sun’iy intellekt mutaxassislarining xorijga chiqishini cheklagan. Bu Pekinning sun’iy intellekt va chip ishlab chiqarish sohasida katta yutuqlarga erishayotgan bir paytda o‘z texnologiyalarini himoya qilishga bo‘lgan qat’iyatini ko‘rsatadi.
Biroq manbalarning aytishicha, yangi talab barcha mutaxassislarning oila a’zolariga tatbiq etiladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Shuningdek, Xitoy 15-sentyabrdan kuchga kirgan alohida qoidalarni ham joriy qilmoqda. Ular jinoyat ishlari bo‘yicha tergovlardan tortib, mamlakatning sanoat va texnologik xavfsizligiga oid ehtimoliy buzilishlargacha bo‘lgan holatlarda xorijga chiqishni taqiqlash choralarini qo‘llashni nazarda tutadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pekin vaqt o‘tishi bilan tegishli shaxslarni ushbu ro‘yxatga kiritishni rejalashtirmoqda. Hukumatning ayrim idoralari allaqachon bir necha kishini oila a’zolarining xorijga chiqishi uchun ham ruxsat olish zarurligi haqida xabardor qilgan.
Xususiy sektor ham cheklovlar doirasiga kirmoqda
Xitoy hukumati yillar davomida nufuzli universitet tadqiqotchilaridan tortib, yadroviy soha olimlari va davlat kompaniyalari rahbarlarigacha bo‘lgan muhim mutaxassislarning xorijga chiqishini cheklab kelgan. Bunday cheklovlar ularning oila a’zolariga ham tatbiq etilgan.
Biroq hozir hukumat xususiy sektordagi mutaxassislarni ham, xususan, strategik aktiv sifatida qaralayotgan yuqori malakali sun’iy intellekt va texnologiya muhandislarini ham cheklovlar doirasiga kiritmoqda.
Xitoydagi eng yuqori malakali sun’iy intellekt mutaxassislarining katta qismi ChatGPT paydo bo‘lganidan keyingi davrda shakllangan bo‘lib, ularning aksariyati mamlakatning yirik texnologik kompaniyalari yoki xususiy startaplarida faoliyat yuritadi.
Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi yuborilgan izoh so‘roviga javob bermagan.
The Business times nashrining yozishicha, Xitoy rasmiylarining muhim texnologiyalar va mutaxassislarning mamlakatdan chiqib ketishidan xavotiri “Meta Platforms” kompaniyasining Manus startapini 2 milliard AQSH dollariga sotib olishi ortidan kuchaygan.
Keyinchalik hukumat AQSh kompaniyasiga kelishuvni bekor qilishni buyurgan. Ushbu voqeadan so‘ng Pekin sezgir texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga AQSh investitsiyalarini cheklash choralarini ham ko‘rgan.
Sun’iy intellekt mutaxassislarining harakatlanishini cheklash rejasi aynan Manus voqeasi bilan bog‘liq ekani aniq emas. Biroq texnologiyalarning mamlakat tashqarisiga chiqib ketishining oldini olish Xitoy siyosatining muhim maqsadlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq, Xitoy oliygohlarida ayrim mutaxassisliklar qisqartirilib, o‘rnini yangi AI yo‘nalishlari egallayotgani haqida xabar berilgandi.
