Xitoy oliygohlarida ayrim mutaxassisliklar qisqartirilib, o‘rnini yangi AI yo‘nalishlari egallamoqda

Xitoy oliygohlarida ayrim mutaxassisliklar qisqartirilib, o‘rnini yangi AI yo‘nalishlari egallamoqda

Xitoy universitetlarida sun’iy intellekt ta’sirida ayrim ijodiy mutaxassisliklar yopilmoqda yoki texnologik yo‘nalishlar bilan birlashtirilmoqda. Tarjimonlik, fotografiya, illyustratsiya va moda dizayni kabi sohalar o‘rnini AI bilan bog‘liq yangi dasturlar egallamoqda.

 

South China Morning Post nashrining yozishicha, 2021–2025-yillar oralig‘ida Xitoydagi oliy ta’lim muassasalari 12 200 ta bakalavriat ta’lim dasturini bekor qilgan yoki vaqtincha to‘xtatgan, 10 200 ta yangi dastur esa joriy etilgan.

 

Xinhua agentligi Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, bu davrda mamlakatdagi universitet ta’lim dasturlarining 30 foizdan ortig‘i qayta ko‘rib chiqilgan.

 

Qayta tashkil etish jarayoni mamlakatdagi bakalavriat dasturlarining 30 foizidan ko‘prog‘iga ta’sir ko‘rsatgan. Eng katta qisqartirishlar san’at, gumanitar fanlar va xorijiy tillar yo‘nalishlariga to‘g‘ri kelgan.

 

70 ta universitetni qamrab olgan tahlilga ko‘ra, xorijiy tillar yo‘nalishlarida 5 ta tarjimonlik, 8 ta yapon tili va 5 ta nemis tili mutaxassisligi qisqartirilgan.

 

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur qisqartirishlar tarjimonlik uchun zarur bo‘lgan muloqot va tanqidiy fikrlash kabi kengroq ko‘nikmalarni yetarlicha hisobga olinmayapti. Bu ko‘nikmalar shunchaki matnni aniq tarjima qilishdan ancha keng.

 

Ta’kidlanishicha, sun’iy intellekt tarjima aniqligini deyarli mukammal darajaga olib chiqishi mumkin. Biroq og‘zaki tarjimonlik faqat so‘zlarni bir tildan boshqasiga o‘girishdan iborat emas.

 

Fotografiya va dizayn yo‘nalishlari ham o‘zgarmoqda

 

Xitoy Kommunikatsiya universiteti 5 ta ta’lim dasturini, jumladan, vizual kommunikatsiya dizayni, komiks va fotografiya yo‘nalishlarini qayta tashkil qilgani haqida xabar berilgan.

 

Universitetning yuqori lavozimli rahbari Lyao Syanchjun an’anaviy fotografiya mutaxassisligi endi mustaqil yo‘nalish sifatida mavjud bo‘la olmasligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda deyarli har bir inson ijtimoiy tarmoqlarda kontent yaratuvchi va voqealarni tasvirga oluvchi bo‘lishi mumkin.

 

Keyinchalik u mazkur mutaxassisliklar butunlay bekor qilinmaganini, balki boshqa yo‘nalishlar bilan birlashtirilganini aniqlashtirgan. Jumladan, fotografiya kino va televideniye fotografiyasi yo‘nalishiga qo‘shilgan.

 

Kino sohasida yangi AI kasblari paydo bo‘lmoqda

 

Sun’iy intellekt ayrim mutaxassisliklarning qisqarishiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa-da, ayni paytda kino va animatsiya sohalarida yangi kasblar ham paydo bo‘lmoqda.

 

Jumladan, prompt-muhandis va AI-animator kabi yangi lavozimlar shakllanmoqda.

 

Soha vakillaridan birining aytishicha, avval personaj yoki sahna dizaynini yaratish bir oy vaqt olgan bo‘lsa, endilikda sun’iy intellekt yordamida butun loyihani shu muddat ichida yakunlash mumkin.

 

Ayrim universitetlarda aqlli tasviriy san’at, aqlli audiovizual muhandislik, shuningdek, aqlli muhandislik va kreativ dizayn kabi yangi ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

 

Universitetlar san’at bo‘yicha ta’limni sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorgarlik bilan birlashtirgan gibrid kurslarni ham joriy qilmoqda. Shu bilan birga, ayrim mustaqil mutaxassisliklar boshqa yo‘nalishlar bilan birlashtirilmoqda.

 

Bu o‘zgarishlar tarjimonlik, dizayn, fotografiya va kino ishlab chiqarish sohalariga kirib kelayotgan bitiruvchilardan ish beruvchilar kutayotgan ko‘nikmalarni ham o‘zgartirmoqda.

 

Talabalar uchun an’anaviy diplom bilan bir qatorda avtomatlashtirilgan ijodiy tizimlar bilan birgalikda ishlash imkonini beruvchi texnik ko‘nikmalar ham tobora muhim bo‘lib bormoqda.

 

Natijada Xitoy universitetlarida ayrim an’anaviy mutaxassisliklar qisqarib, ularning o‘rnini sun’iy intellektga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari egallamoqda.

 

Avvalroq, rossiyalik 13 yoshli maktab o‘quvchisi tarixiy shaxslar bilan muloqot qilish imkonini beruvchi AI platforma ishlab chiqqani haqida xabar bergan edik.