Ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihoniga qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish uchun ajratilgan o‘rinlar to‘ldi. Shu sababli ushbu fan bo‘yicha qo‘shimcha ro‘yxatga olish yakunlandi.
Avvalroq ona tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari uchun bo‘shagan o‘rinlarga qo‘shimcha ro‘yxatga olish boshlanganligi haqida xabar bergan edik.
Ona tili va adabiyot fanidan imtihon uchun ajratilgan o‘rinlar to‘lgani sababli ushbu fan bo‘yicha qo‘shimcha ro‘yxatga olish yakunlandi.
Ro‘yxatdan o‘tishga ulgurgan talabgorlar belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirishlari zarur.
Ayni paytda rus tili va adabiyot, qoraqalpoq tili va adabiyot, tarix hamda geografiya fanlaridan qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish davom etmoqda. Ro‘yxatga olish hududlardagi mavjud o‘rinlar sonidan kelib chiqib amalga oshirilmoqda va o‘rinlar to‘lishi bilan yakunlanadi.
Talabgorlar my.gov.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi va ro‘yxatdan o‘tgan kunining o‘zida to‘lovni amalga oshirishi mumkin. Talabgorlar hududlar kesimidagi o‘tirish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda quyidagi sanalar uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin:
- 23-oktyabr — geografiya (elektron shaklda);
- 24-oktyabr — qoraqalpoq tili va adabiyot;
- 25-oktyabr — rus tili va adabiyot;
- 31-oktyabr — tarix.
O‘rinlar cheklanganligi sababli ushbu fanlardan imtihon topshirishni rejalashtirgan talabgorlarga ro‘yxatdan o‘tishni kechiktirmaslik tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish tez yopilishiga agentlikning munosabati e’lon qilingan edi.
