2027/2028-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarida ish beruvchilar buyurtmasi asosida, bitiruvchilarni ishga qabul qilish sharti bilan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-sentyabrdagi PF–209-son Farmonida belgilangan.
Dual taʼlimning asosiy maqsadi — nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirish, mehnat bozori ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash va bitiruvchilarning bandligini taʼminlashdan iborat.
Buxoro davlat tibbiyot institutida ham talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar qoʻllanilmoqda. Jumladan, bitiruv kurslari talabalari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida, xususan, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida amaliy koʻnikmalarini mustahkamlamoqda.
Institutdagi mavjud tartibga muvofiq, bitiruvchi kurs talabalari uchun mashgʻulotlarning bir qismi yaʼni maʼruza darslari anʼanaviy shaklda tashkil etilgan boʻlib, amaliy mashgʻulotlarni ular yashash manziliga yaqin birlamchi tibbiy muassasalarda malakaviy amaliyot shaklida oʻtaydilar. Bunday amaliyot oʻquv yili davomida muntazam ravishda olib boriladi.
Institut va amaliyot bazalari tomonidan biriktirilgan masʼul rahbarlar talabalarning faoliyatini nazorat qilib, ularga bemorlar bilan ishlash, kasalliklarni aniqlash, profilaktik tadbirlarda ishtirok etish va kelgusi kasbiy faoliyati uchun zarur amaliy koʻnikmalarni egallashda koʻmaklashadilar.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, klinik amaliyot va malakaviy tayyorgarlik tibbiyot taʼlimida boʻlajak shifokorlarning kasbiy mahoratini shakllantirishda muhim oʻrin tutadi. Nazariy bilimlarni bevosita tibbiy muassasalarda qoʻllash talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, bemorlar bilan muloqot qilish va klinik qarorlar qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirishga yordam beradi.
Yangi farmonda belgilangan dual taʼlim tizimi esa ish beruvchilar buyurtmasi, uch tomonlama shartnoma va bitiruvchining keyingi mehnat faoliyati bilan bogʻliq alohida mexanizmlarni nazarda tutadi. Shu bois institutdagi mavjud malakaviy amaliyotni ushbu yangi tartib bilan aynan bir xil deb baholamaslik lozim.
Kelgusida mazkur yoʻnalishdagi ishlarni izchil rivojlantirish tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, amaliy taʼlim sifatini oshirish va aholiga birlamchi tibbiy yordam koʻrsatish tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Shuhrat Teshayev
Buxoro davlat tibbiyot institut rektori, professor
