“Fanni yaxshi koʻrib oʻqisangiz, aslida hammasi oson”: 5 ta fandan sertifikat olgan surxondaryolik oʻquvchi oʻz tajribasi bilan boʻlishdi

“Fanni yaxshi koʻrib oʻqisangiz, aslida hammasi oson”: 5 ta fandan sertifikat olgan surxondaryolik oʻquvchi oʻz tajribasi bilan boʻlishdi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 2-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi 5 ta umumtaʼlim fanidan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi.

 

Surxondaryolik 10-sinf oʻquvchisi Xolmurodov Nodirbek kimyo (A), biologiya (A+, ona tili (B), matematika (C+) va tarix (C+) fanlaridan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi.

 

Nodirbekning soʻzlariga koʻra, u kimyo faniga tayyorgarlikni 7- sinfligidan boshlagan va 9-sinfda kimyo fan olimpiadasining viloyat bosqichida 2-oʻrinni va 10-sinfligida esa tuman bosqichida 1-oʻrinni egallagan. U kimyo fanidan 9-sinfligida milliy sertifikatdan A darajani qoʻlga kiritgan.

 

Keyinchalik biologiya faniga ham tayyorgarlikni boshlagan va 10 oy ichida boshlangʻich darajadan A+ daraja chiqqan.

 

“Ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan 3 oy tayyorgarlik koʻrdim, matematikadan esa oʻzim mustaqil shugʻullandim, qoʻshimcha kurslarga bormadim. Biologiya fanida 3-urinishda A+ natijaga erishgan boʻlsam, qolgan barcha fanlardan birinchi imtihondayoq kerakli natijani oldim”, — deydi Nodirbek.

 

“Milliy sertifikat haqida 9-sinfga oʻtgan yilim eshitgandim va shundan keyin tayyorlanishni boshlaganman. Avvaliga kimyo fanidan kuniga oʻrtacha 4-5 soat dars qilardim, baʼzida undan ham koʻp. Keyin esa natija vaqtga emas, sifat va aniqlikka bogʻliq ekanligini tushundim. Shu paytdan boshlab kuniga 2-3 soat tizimli, aniq va sifatli dars qilardim”, — deydi 189 ball sohibi.

 

Nodirbek baʼzida darslardan charchash, oʻqishni xohlamaslik holatlari kuzatilganini aytib oʻtdi. Bunday paytlar unga gitara chalib, qoʻshiq kuylash, biroz telefondan foydalanib, chalgʻib olish foyda bergan.

 

“Asosiy motivatsiyani oilamdan olganman. Ota-onam menga shunchalik sharoit yaratib bergani, har doim meni qoʻllab-quvvatlab turgani uchun toʻxtamaslikka harakat qilardim. Oiladagi sogʻlom muhit insonning yaxshi oʻqishi uchun juda katta taʼsir koʻrsatishini tushunganman”, — deydi Nodirbek.

 

 

Oʻquvchining taʼkidlashicha, “telefon va ijtimoiy tarmoqlar yaxshi natijaga xalaqit qiladi” degan fikr xato. Negaki, oʻqimoqchi boʻlgan bolaga telefon toʻsqinlik qilmaydi, u har qachon oʻzida dars qilishga motivatsiya topadi va telefondan ham kerakli maqsadda foydalanishni biladi. Unga koʻra, telefon abituriyent uchun butunlay zararli emas, aksincha, foydali tomonlari ham koʻp. Internet orqali yangi testlar, qoʻshimcha adabiyotlar topish, ishlash mumkin.

 

Nodirbek hozirda ingliz tiliga tayyorgarlik koʻrayotgani va maktabni bitirgach Toshkent Davlat tibbiyot universitetiga oʻqishga topshirishni reja qilganini aytib oʻtdi.

 

“Avvalo oʻqishni erta boshlang, qaysi fanni oʻrganayotganingizdan qatʼiy nazar oʻsha fanni yoqtirib oʻqing, shunda koʻzlagan natijangizga ortigʻi bilan erishasiz. Zeriksangiz, charchasangiz biroz hordiq chiqaring lekin toʻxtab qolmang”, — deya oʻz tengqurlariga tavsiya berib oʻtdi Nodirbek.

 

Oʻquvchining kelgusidagi oʻqish va ishlariga rivoj va muvaffaqiyat tilaymiz.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish