O‘zbekistonlik maktab direktorlari va pedagoglar uchun AQSHda, xususan, Columbia University Teachers College bazasida malaka oshirish dasturlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Teachers College ekspertlarining kuz oylarida O‘zbekistonga tashrifi va ta’limda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasining AQSHga tashrifi doirasida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda O‘zbekiston Respublikasining BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari Columbia University Teachers College rahbariyati va ekspertlari bilan uchrashdi. Bu haqda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, pedagog va maktab rahbarlarining kasbiy salohiyatini oshirish, ta’limni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ta’lim sifatini baholash va ta’minlash hamda ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, Teachers College vakillari muassasaning ta’lim, psixologiya, sog‘liqni saqlash, liderlik va ta’lim siyosati yo‘nalishlaridagi imkoniyatlari haqida ma’lumot bergan. Xususan, kollejda 100 dan ortiq ta’lim dasturlari mavjud. Xalqaro hamkorlar uchun esa mavjud akademik kurs va dasturlar asosida qisqa hamda uzoq muddatli professional rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish imkoniyati borligi qayd etilgan.
Pedagoglar va maktab rahbarlari uchun malaka oshirish dasturlari
Qayd etilishicha, muzokaralarning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston maktab direktorlari va pedagoglarini AQSHda malaka oshirishga jalb etish bo‘lgan.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazovning aytishicha, mamlakatdagi yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglarni xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishga yuborish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda pedagog va maktab rahbarlarining professional rivojlanishini xalqaro tajriba bilan bog‘lashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Mamlakatimizdagi 600 ming nafardan ortiq pedagog orasidan yuqori natija ko‘rsatgan mutaxassislarni saralab, ularning bir qismini Finlandiya, Singapur, Xitoy, Yevropa davlatlari va AQSHning yetakchi ta’lim muassasalarida malaka oshirishga jalb etish ko‘zda tutilgan, — degan u.
Markaz direktorining ta’kidlashicha, Teachers College bilan hamkorlikda O‘zbekiston ehtiyojlariga mos qisqa muddatli va gibrid professional rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Teachers College bilan hamkorlikda esa maktab rahbarlari va pedagoglar uchun O‘zbekiston ehtiyojlariga mos qisqa muddatli va gibrid professional rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish imkoniyati biz uchun ayniqsa muhim. Bunda asosiy maqsad xorijiy tajribani shunchaki o‘rganish emas, balki uni ta’lim tizimimizga moslashtirib, amaliy natijaga aylantirishdir, — qo‘shimcha qilgan Shaxzodbek Kurbaniyazov.
Teachers College mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, maktab rahbarlari va pedagoglar uchun bir oygacha davom etadigan sertifikat dasturlari, shuningdek, nazariy qismini masofadan, amaliy bosqichini esa Nyu-Yorkda tashkil etishni nazarda tutuvchi gibrid ta’lim modelini ishlab chiqish mumkinligini bildirgan. Dasturlarni O‘zbekiston ta’lim tizimining ehtiyojlaridan kelib chiqib maxsus moslashtirish mumkinligi ham qayd etilgan.
Ta’limda sun’iy intellekt bo‘yicha hamkorlik
Shu bilan birga, uchrashuv davomida O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan ta’limda sun’iy intellektni joriy etish konsepsiyasini Teachers College professor va ekspertlari ishtirokida ko‘rib chiqish masalasi ham muhokama qilingan. Ushbu yo‘nalishda Teachers College tarkibidagi “Digital Futures Institute” va tegishli ilmiy markazlar salohiyatidan foydalanish imkoniyatlari qayd etilgan.
Tomonlar ta’lim siyosati, ta’lim sifatini ta’minlash va ma’lumotlarga asoslangan tahlil yo‘nalishlarida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan. Teachers College professor va tadqiqotchilarini O‘zbekiston ta’lim tizimiga oid qo‘shma ilmiy tadqiqotlarga jalb etish, ilmiy natijalar va ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
“Teachers College” ekspertlari O‘zbekistonga keladi
Hamkorlik uchrashuvida Teachers College vakillaridan iborat 3–4 kishilik ekspertlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan. Tashrifda ta’limni raqamlashtirish, pedagoglar va maktab rahbarlarini rivojlantirish, ta’lim siyosati hamda ta’lim sifatini ta’minlash yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi professor va ekspertlar ishtirok etishi mumkin.
O‘zbekiston tomoni tashrifni kuz oylarida, xususan, oktyabr–noyabr oylarida tashkil etish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Teachers College magistratura va doktorantura bosqichida tahsil olayotgan iqtidorli mutaxassislarni jalb qilgan holda qo‘shma fellowship dasturini tashkil etish taklifi ilgari surilgan. Mazkur dastur doirasida yosh tadqiqotchilar O‘zbekistonning BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Teachers College o‘rtasidagi hamkorlik loyihalarida ishtirok etishi mumkin.
Teachers College tomoni O‘zbekiston bilan strategik hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirib, qo‘shma professional rivojlanish dasturlarining moliyaviy jihatdan maqbul modelini ishlab chiqishga ham tayyorligini ma’lum qilgan. Xususan, strategik hamkorlik doirasida ayrim dasturlar xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish va Teachers College’ning institutsional resurslari hisobidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi bildirilgan.
Amaliy kelishuvlar va keyingi qadamlar
- Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Teachers College o‘rtasida Hamkorlik memorandumi (MoU) loyihasini ishlab chiqish va tomonlar takliflari asosida kelishish;
- maktab direktorlari va pedagoglar uchun qisqa muddatli hamda gibrid professional rivojlanish dasturlari bo‘yicha aniq takliflarni shakllantirish;
- O‘zbekistonning ta’limda sun’iy intellektni joriy etish konsepsiyasini Teachers College ekspertlari bilan birgalikda ko‘rib chiqish imkoniyatlarini ishlab chiqish;
- Teachers College professor va ekspertlaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish;
- ta’lim siyosati, sifatni ta’minlash, raqamlashtirish va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish;
- Teachers College talabalari va yosh tadqiqotchilarini jalb qiluvchi qo‘shma fellowship mexanizmini ishlab chiqish;
- uchrashuvda bildirilgan takliflarni aniq loyihalarga aylantirish maqsadida mas’ul ekspertlar ishtirokida navbatdagi onlayn uchrashuvni o‘tkazish va qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni shakllantirish.
Hamkorlik memorandumi yakuniy kelishilganidan so‘ng uni Teachers College delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolash imkoniyati ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Columbia University Teachers College o‘rtasidagi hamkorlikni bir martalik loyihalar bilan cheklab qolmasdan, pedagoglar va ta’lim rahbarlarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqotlar hamda ta’lim siyosatini qamrab oluvchi uzoq muddatli strategik sheriklikka aylantirishdan manfaatdor ekanliklari bildirilgan.
Avvalroq, Markaz tomonidan maktab va bog‘chalarda o‘zbek tilini o‘qitishni kuchaytirish maqsadida “Milliy mentorlar” tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.






