Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish uchun oʻtkazilgan NEET imtihonlari atrofidagi mojaro mamlakat taʼlim tizimidagi eng yirik siyosiy voqealardan biriga aylandi. Bir necha hafta davom etgan talabalar noroziliklari ortidan taʼlim vaziri Dharmendra Pradhan lavozimini tark etdi.
Hindiston taʼlim vaziri Dharmendra Pradhan mamlakatdagi oliy taʼlimga kirish imtihonlari bilan bogʻliq yirik mojaro va talabalar noroziliklari ortidan isteʼfoga chiqdi. Bu haqda Hindustan Times va boshqa hind nashrlari xabar berdi.
Mojaro mamlakatdagi eng muhim oliy taʼlim imtihonlaridan biri — NEET (National Eligibility-cum-Entrance Test) bilan bogʻliq. Har yili millionlab abituriyentlar aynan ushbu imtihon orqali tibbiyot yoʻnalishlariga oʻqishga kirish uchun kurashadi.
Joriy yilning may oyida oʻtkazilgan imtihondan soʻng savollar oldindan sizdirilgani hamda ayrim hududlarda noqonuniy ravishda sotilgani haqidagi maʼlumotlar tarqaldi.
Shundan soʻng hukumat imtihon natijalarini bekor qilib, testni qayta oʻtkazishga qaror qildi.
Mazkur holat mamlakat boʻylab keng noroziliklarga sabab boʻldi. Dehli va boshqa shaharlarda talabalar bir necha hafta davomida namoyishlar oʻtkazib, imtihon tizimini isloh qilish va masʼullarni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Mahalliy OAV maʼlumotlariga koʻra, mojaro fonida ayrim abituriyentlarning oʻz joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar ham jamoatchilik eʼtiborini yanada kuchaytirgan.
Telegram ham vaqtincha bloklangandi
Eslatib oʻtamiz, Talimxabarlari.uz avvalroq ushbu mojaroning boshqa jihatlarini ham yoritgan edi.
Xususan, NEET imtihoni savollari Telegram orqali tarqatilgani haqidagi xavotirlar ortidan Hindiston hukumati messenjer faoliyatini vaqtincha cheklagandi.
Keyinchalik Telegram ushbu qaror ustidan sudga murojaat qilib, platformani bloklash firibgarlikka qarshi samarali yechim emasligini bildirgan.
Kompaniya imtihon materiallarini noqonuniy tarqatgan yuzlab kanal va guruhlar oʻchirilganini ham maʼlum qilgan edi.
Shuningdek, Hindiston Markaziy tergov byurosi (CBI) savollar sizdirilishi yuzasidan keng koʻlamli tergov boshlagan. Mahalliy OAV maʼlumotlariga koʻra, ushbu ish doirasida bir qator gumonlanuvchilar qoʻlga olingan.
Norozilik namoyishlari qanday boshlandi?
Hindustan Times yozishicha, norozilik harakati dastlab ijtimoiy tarmoqlarda hazil tariqasida boshlangan.
Bunga Hindiston Oliy sudi sudyasi Surya Kantning hukumat tanqidchilari va ishsiz yoshlarni “suvaraklar”ga qiyoslagani sabab boʻlgan. Shundan soʻng Boston universiteti talabasi Abhijit Dipke ijtimoiy tarmoqlarda “Agar barcha suvaraklar birlashsachi?” degan murojaat bilan chiqdi.
Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus minglab, keyinchalik esa millionlab qoʻllab-quvvatlovchilarni jamlab, NEET imtihoni bilan bogʻliq noroziliklarning ramziga aylandi.
Harakat tashkilotchilari vazir isteʼfoga chiqqanidan keyin ham imtihon mojarosi boʻyicha mustaqil tergov oʻtkazilishi, aybdorlar javobgarlikka tortilishi hamda jabrlangan oilalarga kompensatsiya toʻlanishi boʻyicha talablarini saqlab qolayotganini bildirgan.


