Imtihon mojarosi: Telegram Hindistondagi vaqtinchalik taqiq ustidan sudga murojaat qildi

Imtihon mojarosi: Telegram Hindistondagi vaqtinchalik taqiq ustidan sudga murojaat qildi

Telegram Hindiston hukumatining messenjerni vaqtincha bloklash haqidagi qarori ustidan sudga murojaat qildi. Mazkur cheklov millionlab abituriyentlar muhim tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonini qayta topshirishi arafasida joriy etilgan.

 

Bir kun avval Hindiston hukumati Telegram orqali imtihon savollari tarqatilgani haqidagi xavotirlar sabab 22-iyunga qadar platformaga kirishni vaqtincha cheklagan edi. Hukumatning ta’kidlashicha, bu choralar o‘tgan oy savollar sizib chiqqani haqidagi da’volar tufayli bekor qilingan imtihonning qayta o‘tkazilishi oldidan uning adolatliligini ta’minlash uchun zarur.

 

Biroq Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov taqiqni “xato qaror” deb atadi. Uning fikricha, messenjerni bloklash millionlab oddiy foydalanuvchilarga zarar yetkazadi, biroq savollar sizdirilishida aybdor bo‘lgan shaxslarni to‘xtata olmaydi.

 

Telegramni, hatto vaqtincha bo‘lsa ham, bloklash noto‘g‘ri qaror. Savollar sizdirilishiga aloqador shaxslar allaqachon boshqa platformalarga o‘tib bo‘lgan, — dedi Pavel Durov.

 

Uning ta’kidlashicha, Telegram so‘nggi haftalarda Hindistonda sizdirilgan imtihon materiallari va ular bilan bog‘liq firibgarliklarni tarqatgan yuzlab kanal va guruhlarni o‘chirib tashlagan.

 

Shuningdek, kompaniya foydalanuvchilarni chalg‘itishga qaratilgan ayrim firibgarliklarning oldini olish maqsadida xabarlar yonidagi “tahrirlangan” (edited) belgisi yanada ko‘rinadigan qilinayotganini ma’lum qilgan.

 

Kompaniya advokatlari masalani Dehli Oliy sudida ko‘rib chiqishni so‘ragan. Mahalliy “Live Law” nashri xabariga ko‘ra, sudya ishni shu kunning o‘zida eshitishga rozilik bergan.

 

Mojaro nimadan boshlandi?

 

Mojaroga Hindistondagi eng yirik tibbiyot oliygohlariga kirish imtihoni — NEET (National Eligibility-cum-Entrance Test) savollari imtihondan oldin sizib chiqqani haqidagi ayblovlar sabab bo‘lgan.

 

Har yili millionlab yoshlar topshiradigan ushbu (NEET) imtihon may oyida bo‘lib o‘tgan. Biroq savollar tarqalib ketgani haqidagi ma’lumotlar ortidan natijalar bekor qilinib, imtihonni joriy yilning 21-iyunda qayta o‘tkazishga qaror qilingan.

 

BBC nashrining yozishicha, mazkur ish yuzasidan Hindiston Markaziy tergov byurosi (CBI) tergov olib bormoqda. Hozirgacha 10 dan ortiq shaxs qo‘lga olingan.

 

Qayd etilishicha, imtihonning bekor qilinishi mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘lgan. Talabalar va jamoatchilik faollari mamlakatdagi imtihon tizimida chuqur ildiz otgan muammolar mavjudligini ta’kidlamoqda.

 

Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, imtihon materiallarini yetkazishda Hindiston Harbiy-havo kuchlari samolyotlari va vertolyotlaridan foydalaniladi.

 

Telegramning bloklanishi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi

 

Imtihonni tashkil etuvchi Milliy test agentligi (NTA) Telegramga qo‘yilgan cheklovni qo‘llab-quvvatlagan. Agentlikning bildirishicha, bu qaror “imtihon topshiruvchilarni aldash maqsadida platformadan tizimli ravishda foydalanayotgan firibgar guruhlar” faoliyatiga javoban qabul qilingan.

 

Shu bilan birga, agentlik Telegramdan shaxsiy muloqot, ta’lim, ish va axborot olish maqsadida foydalanadigan fuqarolar uchun bu qaror noqulaylik tug‘dirishini ham tan olgan.

 

Telegram ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda messenjerning 150 milliondan ortiq faol foydalanuvchisi mavjud. Ularning ko‘pchiligi platformadan nafaqat yozishmalar uchun, balki bepul ta’lim materiallari va o‘quv resurslariga ega bo‘lish uchun ham foydalanadi.

 

Mutaxassislar va jamoatchilik vakillari esa millionlab odamlar foydalanadigan platformani bloklash imtihonlardagi firibgarlik muammosini hal qilishning to‘g‘ri yo‘li yoki yo‘qligi borasida bahslashmoqda.

 

Texnologiyalar bo‘yicha tahlilchi Nixil Pahvaning ta’kidlashicha, ko‘plab kompaniyalar va biznes vakillari Telegram orqali mijozlari bilan muloqot qiladi.

 

Endi imtihonlar sabab siz butun mamlakat bo‘ylab xabar almashinuvchi messenjerni bloklamoqchisiz. Xuddi shunday faoliyat WhatsApp yoki Discord’da ham bo‘lishi mumkin. Unda ularni ham bloklaysizlarmi? — deya savol qo‘ygan u X platformasida.

 

Ayrim talabalar esa cheklovni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, hukumat asosiy e’tiborni savollar sizdirilishiga sabab bo‘lgan shaxslarni aniqlashga qaratishi kerakligini ta’kidlagan.

 

Bu yaxshi qadam. Ammo asosiy e’tibor muammoning ildiziga qaratilishi kerak. Imtihon savollarini sizdirayotgan shaxslar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi lozim, — degan imtihon topshiruvchilardan biri.