Hindiston hukumati mamlakatdagi eng yirik talabalar imtihonlaridan biri atrofida yuzaga kelgan firibgarlik holatlari sababli Telegram messenjerini vaqtincha blokladi. Cheklov dushanba kunigacha amal qilishi va platformadagi avval joylangan xabarlarni tahrirlash funksiyasi ham o‘chirib qo‘yilishi ma’lum qilingan.
Al Jazeera nashrining xabar berishicha, Telegram orqali 2026-yil 21-iyun kuni qayta o‘tkazilishi rejalashtirilgan NEET (National Eligibility-cum-Entrance Test) imtihoni bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatlar, jumladan savollar sizdirilishi va abituriyentlarni aldash holatlari aniqlangan.
Avvalroq, o‘tgan oy Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish uchun o‘tkazilgan NEET imtihoni savollari oldindan tarqalib ketgani sababli bekor qilingan edi. Bu holat mamlakat bo‘ylab talabalar noroziligiga sabab bo‘lib, ta’lim tizimidagi muammolar keng muhokama qilingan.
Hindiston Ta’lim vazirligi huzuridagi Milliy test agentligi (NTA) Telegram’dagi cheklovlar imtihon jarayonlarining adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida joriy etilganini bildirgan.
Hukumat mazkur qaror yuz minglab foydalanuvchilarga noqulaylik tug‘dirishini tan olgan bo‘lsa-da, avvalroq platformadan noqonuniy kontentlarni olib tashlash bo‘yicha urinishlar samara bermagani sababli bu chorani “oxirgi yechim” sifatida qo‘llaganini ma’lum qilgan.
Avvalroq, Buyuk Britaniya kelasi yildan boshlab 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.
