Buyuk Britaniya hukumati bolalarni internetdagi zararli ta’sirlardan himoya qilish maqsadida 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Yangi tashabbusga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoq platformalaridan foydalanish taqiqlanadi. Hukumat bu qaror kelajak avlodlar uchun yangi me’yorlarni shakllantirib, bolalarning ekran qarshisida kamroq vaqt o‘tkazishi va o‘yin, sport hamda boshqa foydali mashg‘ulotlarga ko‘proq vaqt ajratishiga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Mazkur qonun loyihasi Yangi yil bayramigacha parlamentga kiritilishi rejalashtirilgan. Qoidalar qabul qilinsa, ular 2027-yil bahoridan kuchga kirishi kutilmoqda.
So‘rovlar natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 90 foizi ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Taqiq foydalanuvchilar o‘rtasida muloqot qilish, kontent joylashtirish va algoritmlar orqali tavsiyalar berishga mo‘ljallangan platformalarni qamrab oladi.
Shu sababli Snapchat, TikTok, YouTube, Instagram, Facebook va X platformalari taqiq doirasiga kiradi. Biroq WhatsApp va Signal kabi xabar almashish xizmatlari ushbu cheklovdan mustasno bo‘ladi.
Hukumat faqat ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash bilan cheklanib qolmay, bolalarni internetdagi zararli ta’sirlardan himoya qilish uchun qo‘shimcha choralarni ham joriy etmoqchi. Xususan, 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun jonli efirlar (livestream), notanish shaxslar bilan muloqot qilish va ayrim xavfli funksiyalardan foydalanish cheklanadi. Ushbu qoidalar ayrim o‘yin platformalariga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, 16 va 17 yoshdagi o‘smirlar uchun ham mazkur funksiyalar sukut bo‘yicha cheklangan holda bo‘ladi. Hukumat 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun tungi foydalanish cheklovlari hamda cheksiz kontent aylantirish (infinite scrolling) funksiyasini cheklash imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keir Starmerning aytishicha, ayni kunlarda internet ota-onalarga o‘z farzandlarini xavfsiz va baxtli tarbiyalashini avvalgidan ham murakkablashtirgan.
Men o‘zgarish talab qilayotgan oilalarning fikrlarini bevosita eshitdim va ular uchun to‘g‘ri qaror qabul qilamiz. Shu sababli biz dunyodagi eng qat’iy choralarni joriy etayotgan davlatlardan biriga aylanmoqdamiz. Maqsadimiz — bolalarni himoya qilish, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash va kelajak avlodlar uchun yangi me’yorlarni shakllantirish, — dedi bosh vazir.
Uning ta’kidlashicha, texnologik kompaniyalarga bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun ko‘plab imkoniyatlar berilgan, biroq ular bu boradagi mas’uliyatni yetarli darajada bajara olmagan.
Texnologiyalar vaziri Liz Kendall ushbu tashabbusni bolalar uchun xavfsizroq va sog‘lomroq onlayn muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.
Texnologik kompaniyalar bolalarni himoya qilish uchun ko‘plab imkoniyatlarga ega edi, biroq ular yetarlicha harakat qilmadi. Shu sababli biz nazoratni ota-onalar qo‘liga qaytarmoqdamiz, — dedi vazir.
Ushbu qaror hukumat tomonidan o‘tkazilgan yirik jamoatchilik muhokamalaridan so‘ng qabul qilinmoqda. Muhokamalarda ota-onalar, bolalar va mutaxassislardan 116 mingdan ortiq fikr-mulohaza kelib tushgan. Ularning aksariyati bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilish uchun yanada qat’iyroq choralar ko‘rishni qo‘llab-quvvatlagan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 90 foizi 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdori bo‘lgan. Yoshlarning uchdan ikki qismi ham 16 yoshdan kichik bolalarga ayrim ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga ruxsat berilmasligi kerakligini ma’qullagan.
Hukumatning ta’kidlashicha, jonli va tezkor tarqaladigan kontent hamda algoritmik tavsiyalar bolalarning zararli, xavfli yoki ruhiy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan materiallarga duch kelish xavfini oshirmoqda.
Avvalroq, Kanada 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash hamda sun’iy intellekt chat-botlarini tartibga solishni taklif qilgani haqida xabar bergan edik.
