“Rektorlarni saylash vaqti pishib yetilgan”: Abduqodir Toshqulov rektorlar saylovi va moliyaviy mustaqillik haqida

“Rektorlarni saylash vaqti pishib yetilgan”: Abduqodir Toshqulov rektorlar saylovi va moliyaviy mustaqillik haqida

Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalarida rektorlarni saylash vaqti kelgani va universitetlariga berilgan moliyaviy mustaqillik haqida fikr bildirdi.

 

Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalarida rektorlarni saylash vaqti pishib yetilganini aytdi. Shuningdek, Toshqulov saylovga tayyor ekanini ham bildirgan.

 

“Rektorlarni saylash vaqti pishib yetilgan. Men bunga doim tayyor boʻlganman, bilasizmi nimaga? Ikki marta Qonunchilik palatasiga saylanganman, ikki marta senator boʻlganman. Toʻrt marta parlament yuqori va quyi palatasiga saylanib, yutqazish nimaligini ham, yutish nimaligini ham biladigan rahbarman. Bunda masala yoʻq”, dedi u.

 

U hozirgi davlat universitetlariga berilgan mustaqillikdan rektor sifatida qanoatlanishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maosh masalasini universitetlarning o‘zi to‘liq hal qiladi, ustama berish darajasi ham cheklanmagan, KPI tizimlari joriy qilingan.

 

“Davlatga qarashli 40 ta universitetga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgan. Biz maoshni toʻliq mustaqil hal qilamiz. Hattoki ustama berish darajasi ham cheklanmagan. Har qanday vaziyatda smetani oʻzgartira olamiz. Men davlat universitetlarini hozirgi darajada nazorat qilib turish tarafdoriman. Muhimi akademik nazorat yoʻq. Vazirlik rektorlar bilan uch oyda bir yigʻilish qiladimi, yoʻqmi? Oliy taʼlim sohasida berilgan hozirgi erkinlik Oʻzbekistonda yetarli deb oʻylayman”, dedi Abduqodir Toshqulov.

 

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Farmoni bilan sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga davlat oliygohlarining rektorini lavozimga tayinlash vakolati berilgan edi. 

 

Shuningdek, vazirlik tizimida zaxira nomzodlar tayyorlaydigan “Rektorlar maktabi” dasturi tashkil etilishi ma’lum qilingan edi. Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar 30 yoshga toʻlgan, kamida magistr darajasiga ega hamda oliy taʼlim tizimida 5-yillik, shundan kamida 2-yillik rahbarlik tajribasiga ega boʻlishi kerak.