Toshkentda 28-oktabr kuni “Markaziy Osiyo — ta’lim, fan va innovatsiyalarning yangi makoni” mavzusidagi xalqaro ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ortiq davlat vakillari, ta’lim va fan vazirlari, mahalliy hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Forum Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqani yagona ilmiy-ma’rifiy makonga aylantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 15-sentabr kuni ta’lim sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga ham qaratilgan.
Forumda qanday masalalar muhokama qilindi?
Forum dasturidan ta’lim vazirlarining davra suhbati, yalpi majlis, mavzuli sessiyalar, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik uchrashuvlari hamda “Study in Uzbekistan” ta’lim ko‘rgazmasi o‘rin oldi.
Muhokamalarda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, diplom va malaka hujjatlarini o‘zaro tan olish, ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda grantlar ajratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va universitetlar o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlash masalalari ham kun tartibidan joy oldi.
Forum qanday natijalarni ko‘zlamoqda?
Tadbir doirasida universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish, talabalar va olimlar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilgan.
Bunday tashabbuslar mintaqa davlatlarining ta’lim tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni birlashtirish va yoshlar uchun yangi akademik imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Prezident Markaziy Osiyoning intellektual salohiyatini oshirishga chaqirdi
Forumning ochilish marosimida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi.
Davlat rahbari murojaatida qariyb 85 million aholiga ega Markaziy Osiyoning eng katta boyligi bilim olishga intilayotgan yosh avlod ekanini ta’kidladi.
“Ana shu ulkan demografik salohiyatni qudratli intellektual kuchga aylantirishda eng samarali yo‘l — sifatli, zamonaviy ta’lim va tarbiyadir”, — deyiladi murojaatda.
Prezident ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish hamda ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, sun’iy intellekt, zamonaviy muhandislik, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvni rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoni ilm-ma’rifat, yuksak texnologiyalar va innovatsiyalarni birlashtirgan umumiy intellektual makonga aylantirish mintaqa davlatlari oldidagi strategik maqsadlardan biridir.
Avvalroq, Prezident Olimpiadasi g‘oliblari OTMlarga imtihonsiz, davlat granti asosida qabul qilinishi haqida xabar bergan edik.
