Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov matbuot anjumanida oliy ta’lim muassasalari rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mamlakatda “Rektorlar maktabi” tashkil etiladi va bo‘lajak rektorlar maxsus saralash asosida shakllantiriladi.
Vazirning ta’kidlashicha, nomzodlar “Argos” tizimi orqali imtihondan o‘tkaziladi. Imtihonda ularning rahbarlik qobiliyati, kasbiy bilimlari, muloqot ko‘nikmalari hamda davlat siyosatini tushunish darajasi baholanadi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar tizimli tarzda o‘qitilib, bosqichma-bosqich turli lavozimlarda sinovdan o‘tkaziladi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, rektor lavozimiga tayinlanishdan avval nomzod kamida dekan yoki prorektor sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak.
“Xalq bilan ishlash oson emas. Inson yaxshi ko‘rinishi, hurmatga sazovor bo‘lishi mumkin, biroq rahbarlik lavozimida bu vazifalarni uddalay olmay qolishi mumkin”, — dedi vazir.
Yangi tizimga ko‘ra, har bir oliy ta’lim muassasasida rektor lavozimiga ehtimoliy nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi.
Shuningdek, eng salohiyatli rahbar kadrlarni xorijda tayyorlash ham rejalashtirilgan. Xususan, ularni nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarida qisqa muddatli kurslarda o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq, O‘zbekistondagi ayrim universitetlar diplomlari Qirg‘izistonda ham tan olinishi haqida xabar bergan edik.
