“Rektorlar maktabi” dasturiga kimlar hujjat topshirishi mumkin?

“Rektorlar maktabi” dasturiga kimlar hujjat topshirishi mumkin?

“Rektorlar maktabi” dasturiga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar 30 yoshga toʻlgan, kamida magistr darajasiga ega hamda oliy taʼlim tizimida 5-yillik, shundan kamida 2-yillik rahbarlik tajribasiga ega boʻlishi kerak.

 

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga moʻljallangan “Rektorlar maktabi” dasturiga hujjatlar qabuli 2026-yil 10-avgustga qadar davom etadi.

 

Qabul kvotasi 40 nafar etib belgilangan. Hujjat topshirish uchun “Rektorlar maktabi”ning elektron platformasi rectors.newuu.uz orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin.

 

Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar bir qator talablarga javob berishi kerak. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, 30 yoshga toʻlgan, kamida magistr darajasiga ega, oliy taʼlim tizimida kamida 5-yillik ish tajribasi, shundan kamida 2-yil rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan nomzodlar hujjat topshirishi mumkin.

 

Rahbarlik tajribasi sifatida rektor, prorektor, direktor, direktor oʻrinbosari, dekan, dekan oʻrinbosari, kafedra mudiri, boshqarma va boʻlim boshligʻi hamda boshqaruv funksiyalari yuklatilgan boshqa rahbarlik lavozimlaridagi faoliyat hisobga olinadi.

 

Nomzodlar “Rektorlar maktabi” dasturiga ochiq tanlov asosida qabul qilinadi. Tanlov 4 bosqichda oʻtkaziladi:

 

— hujjatlarni qabul qilish va oʻrganish;

— test sinovlari;

— psixologik baholash;

— yakuniy suhbat.

 

Test sinovlarida oʻquv-akademik boshqaruv, moliya-iqtisodiyot, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, maʼnaviyat va maʼrifat, sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari hamda ingliz tili yoʻnalishlari boʻyicha bilimlar baholanadi. Test 60 ta savoldan iborat boʻlib, shundan 40 tasi mutaxassislik fanlari, 20 tasi ingliz tiliga oid savollardir. Test natijasida 55 balldan yuqori natija qayd etgan nomzodlar keyingi bosqichga oʻtadi. Ingliz tilidan B2 yoki undan yuqori darajadagi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega nomzodlarga ushbu yoʻnalish boʻyicha maksimal 20 ball beriladi.

 

Psixologik baholashda nomzodlarning psixoemotsional barqarorligi, boshqaruv salohiyati, rivojlanishga tayyorligi va stressga chidamliligi aniqlanadi. Ushbu bosqichda ham 55 balldan yuqori natija koʻrsatgan nomzodlar suhbatga yoʻllanadi.

 

Yakuniy suhbatda nomzodlarning strategik va tizimli fikrlashi, kommunikativ koʻnikmalari, liderlik salohiyati, qaror qabul qilish qobiliyati, kasbiy bilimlari, oʻqishga tayyorligi va motivatsiyasi baholanadi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish