Xabaringiz bor, “Rektorlar maktabi”ga qabul tartibi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur qaror loyihasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 13-iyul kuni Adliya vazirligi tomonidan “Yangi O‘zbekiston” universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlashga mo‘ljallangan “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom davlat ro‘yxatidan (ro‘yxat raqami 3897) o‘tkazildi.
Yangi tartibga ko‘ra, dasturga 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr darajasiga ega hamda oliy ta’lim tizimida kamida 5 yillik ish tajribasi, shundan kamida 2 yil rahbarlik lavozimida faoliyat yuritgan nomzodlar ochiq tanlov asosida qabul qilinadi. Nomzodlar Qabul komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda bevosita Universitetning elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtgan holda shaxsiy kabinetlari orqali ariza bilan murojaat qiladilar.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- maʼlumotnoma-obyektivka;
- ingliz tilini bilish sertifikati (agar mavjud boʻlsa).
Rahbarlik tajribasi sifatida rektor, prorektor, direktor, direktor o‘rinbosari, dekan, dekan o‘rinbosari, kafedra mudiri, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda boshqaruv funksiyalari yuklatilgan boshqa rahbarlik lavozimlaridagi faoliyat hisobga olinadi.
Qabul jarayoni mutlaqo bepul bo‘lib, yiliga kamida ikki marotaba tashkil etiladi. Yillik qabul kvotasi 80 nafar etib belgilangan.
Nomzodlarni saralash 4 bosqichda amalga oshiriladi.
- dastlab hujjatlar qabul qilinib o‘rganiladi;
- ikkinchi bosqichda o‘quv-akademik boshqaruv, moliya-iqtisodiyot, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, ma’naviyat va ma’rifat, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari hamda ingliz tili fanlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Maksimal 100 ballik baholash tizimida 55 balldan yuqori natija qayd etgan nomzodlar keyingi bosqichga yo‘llanadi.
Test sinovlarida 40 ta mutaxassislik savoli – 80 ball, 20 ta ingliz tili savoli esa 20 ball bilan baholanadi. Ingliz tilidan B2 yoki undan yuqori darajadagi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega nomzodlarga ushbu yo‘nalish bo‘yicha maksimal 20 ball beriladi.
Uchinchi bosqich psixologik baholashdan iborat bo‘lib, unda nomzodlarning psixoemotsional barqarorligi, boshqaruv salohiyati, rivojlanishga tayyorligi va stressga chidamliligi aniqlanadi. Ushbu bosqichda ham maksimal 100 ball beriladi va 55 balldan yuqori natija ko‘rsatganlar suhbatga yo‘llanadi. Psixologik test 200 ta topshiriqdan iborat bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 0,5 ball bilan baholanadi.
Yakuniy bosqichda nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ularning strategik va tizimli fikrlashi, kommunikativ ko‘nikmalari, liderlik salohiyati, qaror qabul qilishdagi halolligi, kasbiy bilimlari hamda o‘qishga tayyorligi va motivatsiyasi baholanadi. Suhbat maksimal 100 ball bilan baholanadi va 60 balldan yuqori natija olgan nomzodlar yakuniy reytingda ishtirok etadi.
Bunda nomzodlar suhbatga ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli va suhbatga o‘tganligi to‘g‘risidagi xabarnoma asosida kiritiladi.
Yakuniy natijalar elektron platformada e’lon qilinadi. Natijalardan norozi bo‘lgan nomzodlar e’lon qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida apellyatsiya berish huquqiga ega.
Qabul tartibi hujjati — Faylni yuklash
