“Rektorlar maktabi”ga qabul tartibi muhokamaga qo‘yildi: nomzodlar 4 bosqichda saralanadi

“Rektorlar maktabi”ga qabul tartibi muhokamaga qo‘yildi: nomzodlar 4 bosqichda saralanadi

“Yangi O‘zbekiston” universitetida davlat oliy ta’lim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash bo‘yicha “Rektorlar maktabi” dasturiga qabul qilish tartibini belgilovchi nizom loyihasi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, dasturga 30 yoshga to‘lgan, kamida magistr darajasiga hamda oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, shundan kamida 2 yili rahbarlik lavozimlarida ishlagan nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi.

 

Muhokamalar portaliga “Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, dasturga 30 yoshga toʻlgan O‘zbekiston fuqarolari, kamida magistr akademik darajasiga va oliy taʼlim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan, shu jumladan, kamida 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan shaxslar ochiq tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Dasturga qabul, qoida tariqasida, bir yilda kamida ikki marotaba o‘tkaziladi. Yillik qabul kvotasi 80 nafarni tashkil etadi. Qabul davrlari kesimida kvotani taqsimlash Qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Tanlov jarayoni quyidagi to‘rt bosqichdan iborat:

 

— birinchi bosqich – nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish, oʻrganish va nomzodlarning minimal talablarga muvofiqligini aniqlash;

— ikkinchi bosqich – nomzodlarni test sinovlaridan oʻtkazish;

— uchinchi bosqich – nomzodlarni psixologik oʻrganish;

— to‘rtinchi bosqich – suhbat oʻtkazish.

 

Hujjatlarni qabul qilish tartibi

 

Hujjatlar Elektron platforma orqali onlayn tarzda topshiriladi. Nomzodlar hujjatlarni qabul qilish boshlangan kundan e’tiboran 14 kalendar kun davomida Elektron platformaga yuklaydi. Zarur hollarda ushbu muddat Qabul komissiyasi qarori bilan uzaytirilishi mumkin.

 

Nomzod hujjatlarni topshirishi uchun unga Elektron platformada shaxsiy kabinet ochiladi va nomzod o‘zi to‘g‘risidagi so‘ralgan ma’lumotlarni kiritadi.

 

Nomzod shaxsiy kabinetga quyidagi hujjatlarning elektron shaklini yuklashi lozim:

 

  • ma’lumotnoma (obyektivka);
  • bakalavriat bosqichini tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • magistratura bosqichini tamomlaganligini tasdiqlovchi hujjat;
  • oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni tamomlaganligini yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajani tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);
  • mehnat faoliyati to‘g‘risida ma’lumot (shu jumladan, my.mehnat.uz – yagona milliy mehnat tizimidan ma’lumotnoma);
  • International English Language Testing System (IELTS) bo‘yicha kamida 5,5 ball yoki mazkur Nizom ilovasida belgilangan unga tenglashtirilgan darajadagi ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikat (agar mavjud bo‘lsa);
  • ta’lim tili ingliz tili bo‘lgan bakalavriat, magistratura yoki oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichini o‘qiganligini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);
  • shaxsni tasdiqlovchi hujjat – pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi;
  • fotosurat – 3,5 sm x 4,5 sm hajmda, “PNG” / “GIF” / “JPEG” / “JPG” formatda, rangli, 5 MBdan oshmagan hajmda, oxirgi 3 oy ichida suratga olingan, oq orqa fonda, neytral yuz ifodasi hamda ko‘zlar ochiq holda yelkalar ko‘ringan bo‘lishi lozim.

 

Nomzod quyidagi minimal talablarning barchasiga javob bergan taqdirda tanlovning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi:

 

  • hujjatlarni qabul qilish muddati yakunlanadigan sanaga qadar 30 yoshga to‘lgan bo‘lishi;
  • kamida magistr akademik darajasiga ega bo‘lishi;
  • oliy ta’lim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi, bunda oliy ta’lim tizimidagi ish tajribasining kamida 2 yili rahbarlik lavozimlaridagi faoliyatdan iborat bo‘lishi.
Nomzodlarni test sinovlaridan oʻtkazish tartibi

 

Mazkur bosqichda nomzodlarning oliy ta’lim tashkilotini boshqarish uchun zarur bo‘lgan nazariy bilimlari hamda ingliz tili bo‘yicha tayyorgarlik darajasi test sinovi orqali baholanadi.

 

Test sinovi 60 ta savoldan iborat bo‘ladi va uni bajarish uchun 120 daqiqa vaqt ajratiladi.

 

Bunda quyidagi beshta yo‘nalishda mutanosib ravishda 8 (sakkitadan jami 40 ta test savoli taqdim etiladi va har bir to‘g‘ri javob uchun 2 ball beriladi:

 

  • o‘quv-akademik boshqaruv;
  • moliya-iqtisodiyot;
  • ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar;
  • ma’naviyat va ma’rifat;
  • sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari.

 

Ingliz tili bo‘yicha jami 20 (yigirmta savol taqdim etiladi va har bir to‘g‘ri javob uchun 1 ball beriladi.

 

International English Language Testing System (IELTS) bo‘yicha kamida 5,5 ball yoki mazkur Nizom ilovasida belgilangan unga tenglashtirilgan darajadagi ingliz tilini bilish bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan yoki bakalavriat, magistratura yoxud oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlaridan birida ingliz tilida ta’lim olgan nomzodlar ingliz tili bo‘yicha test savollarini bajarishdan ozod etiladi va ularga ushbu yo‘nalish bo‘yicha maksimal – 20 ball beriladi.

 

Bunda xalqaro sertifikat hujjat topshirish sanasida amal qilish muddati tugamagan bo‘lishi lozim.

 

Test sinovi natijalari 100 ballik baholash tizimi bo‘yicha hisoblanadi va 55 balldan kam ball toʻplagan nomzodlar keyingi bosqichga oʻtkazilmaydi.

 

Nomzodlarni psixologik oʻrganish

 

Uchinchi bosqichda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar uchun ularning psixoemotsional barqarorligini aniqlash maqsadida psixologik o‘rganish o‘tkaziladi.

 

Nomzod psixologik o‘rganish jarayonida Baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan metodika asosida topshiriqlar, testlar va so‘rovnomalarni bajaradi. Psixologik o‘rganish yakka tartibda yoki guruh shaklida o‘tkazilishi mumkin.

 

Psixologik o‘rganish nomzodlarning psixoemotsional barqarorligini aniqlashga qaratiladi va 100 ballik tizimda baholanadi. 55 balldan kam ball to‘plagan nomzodlar tanlovning keyingi bosqichiga o‘tkazilmaydi.

 

Nomzodlarni suhbatdan oʻtkazish tartibi

 

Mazkur bosqichda Qabul komissiyasi tomonidan nomzodlar bilan suhbat o‘tkaziladi.

 

Bunda nomzodning strategik va tizimli fikrlashi, liderlik va o‘zgarishlarni boshqarish qobiliyati, etik qaror qabul qilishi va halolligi, muloqot qilish ko‘nikmasi hamda boshqa bilim va kompetensiyalari baholanadi.

 

Suhbat natijasi 100 ballik tizimda baholanadi va 61 balldan kam ball to‘plagan nomzodlar ushbu bosqichdan (tanlovdan) o‘tmagan deb hisoblanadi.

 

Yakuniy baholash natijalarini shakllantirish va e’lon qilish

 

Yakuniy natijalar quyidagi uch bosqich asosida shakllantiriladi:

 

  • Nomzodlarni test sinovlaridan oʻtkazish – 30 foiz;
  • Nomzodlarni psixologik oʻrganish – 20 foiz;
  • Suhbat oʻtkazish – 50 foiz.

 

Yakuniy maksimal natija 100 (yuz) ballni tashkil etadi.

 

Yakuniy natijalarga ko‘ra nomzodlar to‘plagan ballari bo‘yicha reyting asosida saralanadi hamda belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga tavsiya etiladi. Yakuniy natijalar Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi va natijalar shaxsiy kabinet orqali ma’lum qilinadi.