Germaniyada temiryo‘l montajchisi kasbini o‘rganish istagidagi o‘zbekistonlik yoshlarga oyiga 1 560 yevrogacha pul to‘lanadi. Dasturda 18–25 yoshdagi, nemis tilini kamida B1 darajasida biladigan nomzodlar qatnashishi mumkin.
Migratsiya agentligi Germaniyada temiryo‘l montajchisi kasbini o‘rganish va ishlash istagidagi o‘zbekistonlik yoshlar uchun tanlov e’lon qildi. Bu haqda Kasbiy ta’lim agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dastur Germaniyaning Deutsche Bahn kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Uch yillik dual kasbiy ta’lim dasturi 2027-yil 30-avgustda boshlanadi. Ishtirokchilar Augsburg yoki Myunxen shaharlarida tahsil oladi, nazariy mashg‘ulotlar va amaliy darslar esa Augsburg shahrida o‘tkaziladi.
Dastur davomida ishtirokchilar temiryo‘l qurilish maydonlarida amaliy tajriba ham orttiradi. Ular relslar va strelkali o‘tkazgichlarni o‘rnatish, temiryo‘l infratuzilmasining holatini tekshirish hamda shikastlangan qismlarni almashtirishni o‘rganadi.
Kasbiy ta’lim davrida ishtirokchilarga oyiga 1 400–1 560 yevro miqdorida to‘lov beriladi. Shuningdek, ular yiliga 30 kun haq to‘lanadigan ta’til olish, qo‘shimcha ish soatlari hamda dam olish va bayram kunlaridagi mehnat uchun ustamalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tanlovda 18–25 yoshdagi, nemis tilini kamida B1 darajasida biladigan va tegishli sertifikatga ega nomzodlar qatnashishi mumkin. Shuningdek, ulardan “B” toifali haydovchilik guvohnomasi hamda Germaniyada tan olinadigan maktab attestati talab etiladi.
Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Toshkentda nemis tilini B2 darajasigacha bepul o‘rganishi mumkin. Deutsche Bahn kompaniyasi ularga Germaniyada viza rasmiylashtirish, turar joy topish va ro‘yxatdan o‘tish masalalarida ham ko‘maklashadi.
Dastur shartlari va ariza topshirish tartibi bilan Deutsche Bahn kompaniyasining rasmiy sayti orqali tanishish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Migratsiya agentligining +998 90 054 02 27 telefon raqamiga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq, Yaponiyada magistraturada bepul o‘qishni istagan davlat xizmatchilari uchun JDS stipendiya dasturiga qabul boshlangani haqida xabar berilgandi.
