Shenchjen universiteti olimlari o‘smirlarning yuz ifodalariga bo‘lgan reaksiyalarini o‘rganish orqali depressiyaning dastlabki ehtimoliy belgilarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Miyani tahlil qiluvchi Xitoy AI modeli depressiya xavfini 4 yil oldindan bashorat qilishga yordam berishi mumkin. Bu haqda “South China Morning Post” nashri xabar berdi.
Xitoylik olimlar depressiya rivojlanish xavfini to‘rt yil oldindan bashorat qilishga yordam beruvchi sun’iy intellekt modelini ishlab chiqdi. Shenchjen universiteti tadqiqotchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, katta depressiv buzilish dunyo bo‘ylab 332 milliondan ortiq insonga ta’sir qiladi va uni davolash murakkab kechadi.
Model Yevropaning bir nechta davlatlarida o‘smirlar depressiyasini o‘rganishga qaratilgan ikkita klinik tadqiqot ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan.
Tadqiqotlarning birida 16, 19 va 23 yoshli ishtirokchilar MRT tekshiruvi, qon tahlillari va so‘rovnomalardan o‘tkazilgan. Bu orqali ularda depressiya rivojlangan yoki rivojlanmaganini aniqlash maqsad qilingan.
Yuz ifodalari depressiya xavfi haqida signal berishi mumkin
Xitoylik tadqiqotchilar ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, depressiya xavfini aniqlashga mo‘ljallangan sun’iy intellekt modelini yaratgan.
Tadqiqotchilar model yordamida 19 yoshda bo‘lgan ishtirokchilardan kimlarda 23 yoshga kelib depressiya rivojlanish ehtimoli yuqori ekanini oldindan aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Prognozlar tadqiqotning yakuniy bosqichida olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlangan.
Ma’lum qilinishicha, sun’iy intellekt modelini yaratishda ishtirokchilarning turli tasvirlar, jumladan, inson yuzlariga bo‘lgan reaksiyasi hamda miya faoliyatidagi o‘zgarishlar o‘rganilgan.
Shenchjenlik olimlarning ta’kidlashicha, depressiyaga ega bo‘lmagan insonlar boshqalarning yuz ifodalaridagi hissiy o‘zgarishlarni oson ajratib, ularga mos ravishda munosabat bildira oladi. Masalan, tabassumga do‘stona munosabat bilan javob qaytarishi mumkin.
Depressiyaga chalingan insonlarda esa bu qobiliyat buzilishi mumkin. Ular boshqalarning xatti-harakatlarini salbiy talqin qilishga, jumladan, atrofdagilar ularga nisbatan jahldor yoki dushmanona munosabatda, deb o‘ylashga ko‘proq moyil bo‘ladi.
Shenchjen universiteti Sun’iy intellekt maktabi dotsenti Lu Hanning yozishicha, tadqiqot natijalari genetik moyillik, hissiyotlarni idrok etishdagi o‘zgarishlar va kelajakda depressiya rivojlanishi o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Shuningdek, tadqiqot erta aniqlash va profilaktika uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan prognozlash markerini taklif etadi.
“Science Advances” jurnalida chop etilgan maqolada hissiyotlarni qayta ishlashdagi buzilish depressiyaning asosiy belgilaridan biri ekani qayd etilgan. Tadqiqotchilar, shuningdek, depressiyaga chalingan insonlarda boshqalardan doimo eng yomon narsani kutish holati kuzatilishini ta’kidlagan.
“Imagen” deb nomlangan asosiy tadqiqot 2007-yilda boshlangan bo‘lib, Yevropaning to‘rt davlatidagi o‘smirlarni qamrab olgan. Tadqiqot asosan depressiyaning rivojlanishini kuzatishga qaratilgan.
Tadqiqot davomida o‘smirlarga jahldor, quvnoq va neytral yuz ifodalari aks etgan tasvirlar ko‘rsatilgan paytda ularning miyasi magnit-rezonans tomografiya yordamida tekshirilgan.
Tadqiqot natijalari nima deydi?
Tahlillar shuni ko‘rsatganki, miyasi turli yuz ifodalarini yaxshi ajrata olmaydigan va boshqalarni jahldor deb qabul qilishga moyil bo‘lgan ishtirokchilarda yosh o‘tgan sari depressiya va xavotir alomatlari kuzatilish ehtimoli sezilarli darajada yuqori bo‘lgan.
Shu natijalarga asoslanib, olimlar vizual axborotni miya qanday qayta ishlashini taqlid qiluvchi chuqur o‘rganish modelini yaratgan. Undan miya g‘azab kabi mavhum hissiy tushunchalarni qanday kodlashini prognoz qilish uchun foydalanilgan.
Tadqiqotchilar 19 yoshida yuz ifodalariga munosabati salbiy hissiyotlarni qabul qilishga moyil ishtirokchilarda depressiyaning ma’lum bir shaklini rivojlantirish ehtimoli eng yuqori bo‘lganini aniqlagan.
Natijalar turli xil depressiya shakllariga ega bo‘lgan 400 nafardan ortiq o‘smir orasida faqat klinik jihatdan katta depressiv buzilish tashxisi qo‘yilgan 134 nafar ishtirokchida noodatiy ko‘rsatkichlar mavjudligini ko‘rsatgan.
Avvalroq, Rossiyada universitet talabasi neyron tarmoq orqali depressiyani aniqlash bo‘yicha yangi usulni ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.
