Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ChatGPT va boshqa chat-botlar yordamida o‘rganayotgan odamlar materialni Google’dagi an’anaviy qidiruvdan foydalanuvchilarga nisbatan ancha yuzaki o‘zlashtiradi.
Pensilvaniya universiteti tadqiqotchilari Shiri Melumad va Jin Xo Yun 10 mingdan ortiq odam ishtirokida bir qator tajribalar o‘tkazdi. Ishtirokchilardan ma’lum bir mavzuni — masalan, qanday qilib sabzavot bog‘i yetishtirishni — o‘rganish so‘ralgan va ular tasodifiy tarzda ChatGPT yoki Google qidiruviga yo‘naltirilgan. Mavzuni o‘rganganidan so‘ng, har bir ishtirokchi o‘zlashtirgan bilimlariga asoslanib, notanish “do‘stiga” maslahat yozishi kerak bo‘lgan.
Natijada, sun’iy intellektdan foydalangan ishtirokchilar o‘zlarini kamroq narsa o‘rgandim deb his qilishgan. Keyingi topshiriqqa kamroq kuch sarflab, yozgan maslahatlari qisqaroq, kamroq batafsil va umumiyroq bo‘lgan. Mustaqil o’rganuvchilar maslahatlarni o‘qib ma’lumotni qanday olganini bilmagan holda — bunday maslahatlarni foydasi va yangiligi kam deb baholashgan.
Tadqiqotchilar farqning sababini aniqlashga harakat qilgan. Hatto ishtirokchilarga Google ham, sun’iy intellekt ham bir xil faktlar to‘plamini berganida ham, tayyor sintez qilingan javoblarni olganlar mavzuni ancha yuzaki tushungan. Xuddi shunday holat Google’ning AI Overview funksiyasi bilan taqqoslanganda ham kuzatilgan: faktlar o‘zgarmagan bo‘lsa ham, sun’iy intellekt orqali berilgan tushuntirish bilimning chuqurligini pasaytirgan.
Mualliflarning fikricha, muammo “ishqalanish”da — ya’ni odam mustaqil izlanishda sarflaydigan kuchda. Havolalarni ochish, manbalarni solishtirish, ma’lumotni talqin qilish kabi faol jarayonlar yanada chuqur va mustahkam bilimlar yaratadi. LLM modellari esa butun bu jarayonni odam o‘rniga bajarib beradi va o‘qishni faol jarayondan passiv jarayonga aylantiradi.
Tadqiqotchilar sun’iy intellektdan voz kechish kerak, degan fikrdan yiroq. Aksincha, AI tez va aniq javoblar uchun juda foydali. Ammo maqsad chuqur, umumlashtiriladigan bilim bo‘lsa, ChatGPT’ning tayyor javoblariga to‘liq tayanish unchalik samarali emas.
Olimlar AI bilan o‘qishni yanada faol qilish mumkinmi, degan savolni ham o‘rganishdi. Ammo hatto ChatGPT javob bilan birga havola va manbalarni ko‘rsatganida ham ishtirokchilar deyarli hech qachon ularni ochib ko‘rishmagan — qulay javobni olganidan so‘ng mavzuni chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan motivatsiya yo‘qolgan.

