Texnikum pedagoglari uchun xorijda malaka oshirish dasturiga arizalar qabuli boshlandi

Texnikum pedagoglari uchun xorijda malaka oshirish dasturiga arizalar qabuli boshlandi

9 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha dars beruvchi ishlab chiqarish ta’lim ustalari uchun xorijda malaka oshirish va stajirovka dasturiga tanlov boshlandi. Nomzodlar 10-iyunga qadar hujjat topshirib, saralashning anketa va intervyu bosqichlarida ishtirok etishi mumkin.

 

Prezident qaroriga ko‘ra, bu yil davomida 400 nafardan ortiq texnikum pedagoglarini xorijga yuborish vazifasi belgilangan.

 

Unga muvofiq, Kasbiy ta’lim agentligi 9 ta kasb bo‘yicha dars beradigan ishlab chiqarish ta’lim ustalari uchun xorijiy malaka oshirish yoki stajirovkaga yuborish bo‘yicha tanlovni e’lon qildi.

 

Ushbu tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan talabgorlar 10-iyunga qadar maxsus anketani to‘ldirishi kerak:

 

– Metallga qayta ishlov berish;

Quruvchi;

– Bino qurilish mutaxassisi;

– Mashina va qurilma operatorlari;

– Elektrotexnika;

– Avtomobil mexatronikasi texnigi;

– Qishloq xo‘jaligi va qurilish mashinalari mexatronikasi;

– Sanoat mexanigi;

– Santexnika isitish va sovutish texnologiyasi;

– Payvandlovchi.

 

Malaka oshirish dasturida ishtirok etishga nomzodlar uchun talablar:

 

– malaka oshirish tashkil etiladigan kasb yoki mutaxassilikka mos yoʻnalishda dars berish;

 

– kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik amaliy ish tajribaga ega bo‘lishi;

 

– nomzodning kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha amaliy tajribasi, kasbiy mahorati, professional etikaga rioya etishi va mehnat faoliyati natijalarini baholovchi ikki nafar hamkasbdan yozma tavsiyanoma;

 

– xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lishi hamda xorijga chiqish uchun ta’qiq mavjud emasligi.

 

Nomzodlarni saralash 2 bosqichda amalga oshiriladi:

 

– 1-bosqich anketa-so‘rovnoma orqali hujjatlar yig‘ish;

 

– 2-bosqich intervyu.

 

Dastur yakunida ishtirokchilardan kutilayotgan natijalar: 

 

– o‘zlashtirilgan bilim va tajriba bo‘yicha hisobot taqdim etadi;

 

– hamkasblari uchun treninglar tashkil etadi (training of trainers);

 

– kamida 3 yil davomida Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi texnikumlarda o‘z faoliyatini olib boradi.

 

Avvalroq, endi texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratilishi haqida xabar bergan edik.