Texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratiladi

Texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” dasturi uchun ssuda ajratiladi

O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab texnikum o‘quvchilariga “Work and travel” xalqaro dasturlari doirasida xorijiy davlatlarda ishlash va sayohat qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun ssuda ajratish rejalashtirilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Texnikum o‘quvchilari uchun “Work and travel” xalqaro dasturlari orqali ishlash va sayohat qilish maqsadida xorijiy davlatlarga borish va kelish bilan bog‘liq xarajatlar uchun ssuda ajratish tartibini joriy etish to‘g‘risida’’gi loyiha joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, ssuda 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, texnikumlarda kunduzgi, kechki va dual shaklda o‘qiyotgan o‘quvchilarga beriladi (bitiruvchi kurslar bundan mustasno).

 

Dastur doirasida o‘quvchilar Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyada ishlash hamda sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Ushbu jarayon bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida har yili 500 nafargacha o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida foizsiz ssuda ajratilishi belgilangan.

 

Ssuda Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan beriladi.

 

Ssuda olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.

 

Bunda ssuda olish uchun ariza beruvchilar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

 

— “Work and travel” dasturi mavjud bo‘lgan xorijiy davlatdagi ish bеruvchi bilan ariza bеruvchi o‘rtasida tuzilgan mеhnat shartnomasi (pdf formatda);
— ariza bеruvchi tomonidan ssuda qaytarilmagan hollarda, ushbu mablag‘larni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga oluvchi kafil jismoniy shaxsning qarz shartnomasi bo‘yicha kafil bo‘lishga rozilik arizasi (pdf formatda) – agar mavjud bo‘lsa;
— viza (pdf formatda).

 

Ariza beruvchi ajratilgan ssudani vizada ko‘rsatilgan muddat tugaganidan keyin bir oy ichida to‘liq qaytarish majburiyatini oladi.

 

Migratsiya agentligi har yili 1 yanvarga qadar “Work and travel” dasturi doirasida ish beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib, xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzadi. Ro‘yxat xorijdaish.uz platformasida e’lon qilib boriladi. Shuningdek, har yili 1 martga qadar xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash choralarini ko‘radi.

 

Agar ssuda belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, qarzdorlikni undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosi orqali yoki sug‘urta polisi hisobidan amalga oshiriladi.