Ba’zan insonning katta maqsadlari oddiy bir havasdan boshlanadi. Kimdir muvaffaqiyatga erishgan tengdoshini ko‘rib ilhomlanadi, kimdir esa uning izidan borishga qaror qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi 11-sinf bitiruvchisi Abduraimova Nozima Ne’matulla qizining hikoyasi ham aynan shunday boshlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanidagi 66-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Abduraimova Nozima Ne’matulla qizi tegishli sertifikatlarni to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.
U ingliz tilidan CEFR B2, matematika fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B hamda tarix fanidan C+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Uning navbatdagi manzili esa Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro munosabatlar yo‘nalishi.
Nozima sertifikat olish yo‘lidagi ilk qadamlarini 9-sinfdan boshlab qo‘ygan. O‘sha paytlarda yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar uning e’tiborini tortar, ularning muvaffaqiyati ilhom manbaiga aylangan.
Oradan yillar o‘tdi va bugun u o‘zi havas qilgan yoshlar safidan joy oldi.
Muvaffaqiyat ortidagi mehnat
Sertifikatlar olish ortida uzoq davom etgan tayyorgarlik, intizom va qat’iyat yotadi.
Nozimaning aytishicha, u ayrim fanlarga bir oy ichida tayyorlangan bo‘lsa, ingliz tili va matematika kabi asosiy fanlarga qariyb bir yil vaqt ajratgan.
Maktabdagi darslar bilan bir qatorda repetitorlar ko‘magidan foydalanib, zarur hollarda onlayn mashg‘ulotlarda ham qatnashgan. Eng muhimi, tayyorgarlik uzluksiz davom etgan. O‘quvchining ta’kidlashicha, u uchun kun davomida kamida 6-7 soat dars qilish odatga aylangan. U muvaffaqiyatning siri muntazamlikda ekaniga ishonadi.
U o‘z kun tartibini oldindan rejalashtirib, maxsus jadval asosida harakat qilgan. Shu sababli nafaqat sertifikatlarga tayyorlanishga, balki maktabdagi darslarni ham o‘z vaqtida bajarishga muvaffaq bo‘lgan.
Tayyorgarlik davrida kuniga 4-5 soat uxlash unga odatiy holga aylangan. Biroq u bunga vaqtinchalik qiyinchilik sifatida qaragan. Uning fikricha, bilim olishga bo‘lgan chinakam qiziqish insonni eng murakkab vaziyatlarda ham ortga qaytmaslikka undaydi.
Mantiqiy fikrlash va ko‘p test ishlash muvaffaqiyat kaliti
Nozimaning kuzatishicha, sertifikat imtihonlaridagi savollarning aksariyati mantiqiy fikrlashni talab qiladi. Shuning uchun u tayyorgarlik jarayonida testlar bilan ko‘p ishlashga harakat qilgan.
Avval xato javoblarni chiqarib tashlab, 50/50 usulida to‘g‘ri javobni topish osonroq bo‘ladi. Eng muhimi, ko‘p test ishlash kerak.
Bilmagan savollari ustida qayta ishlash, xatolarni tahlil qilish esa uning kundalik odatiga aylangan.
Tayyorgarlik davrida u ijtimoiy tarmoqlarni telefonidan o‘chirib tashlagan va gadjetlardan asosan ta’lim olish maqsadida foydalangan. Shu sabab, u o‘zini nazorat qila olgan inson uchun ijtimoiy tarmoqlar qo‘rqinchli narsa emas deb hisoblaydi.
Bugun Nozima erishgan natijalari bilan cheklanib qolishni istamaydi. U yangi xorijiy tilni o‘rganishni boshlagan va navbatdagi sertifikat uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Nozimani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikat olib muddatidan oldin talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
