Buxoroda yana bir bitiruvchi yigit 5 ta fandan milliy sertifikatlarni to‘plab, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Buxoroda yana bir bitiruvchi yigit 5 ta fandan milliy sertifikatlarni to‘plab, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Bugungi kunda yoshlarning ilm olishga bo‘lgan intilishi va o‘z ustida muntazam ishlashi ularga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shunday yoshlardan biri buxorolik o‘quvchi Qo‘shmurodov Firdavs Erkinovich ham muddatidan avval bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

U kimyo va biologiya fanlaridan A+, o‘zbek tili va adabiyotdan B+, tarixdan B hamda matematikadan C darajadagi milliy sertifikatlarni oldi. Bundan tashqari, kimyo fanidan olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Buxoro davlat universitetiga talaba bo‘lish imkoniyatini ham qo‘lga kiritgan.

 

Shunga qaramay, uning asosiy maqsadi —Toshkent tibbiyot institutida tahsil olish. Shu bois, u o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda.

 

Firdavsning aytishicha, sertifikat olish haqidagi g‘oya unda 9-sinfda paydo bo‘lgan. O‘zidan katta yoshdagi, yuksak natijalarga erishgan o‘quvchilarning muvaffaqiyati unga ilhom bag‘ishlagan. Biroq bu natijalar osonlik bilan qo‘lga kiritilmagan.

 

Tayyorgarlik jarayonida u kimyo faniga bir yarim yil, biologiya faniga olti oy vaqt ajratgan. Majburiy fanlarga esa bir oy davomida mustaqil tayyorlangan.

 

Yosh yigit muvaffaqiyatining asosiy siri sifatida muntazam takrorlashni ko‘rsatadi. Uning fikricha, o‘rganilgan bilimlarni qayta-qayta mustahkamlab boorish, yuqori natijalarga erishishda muhim omillardan biridir.

 

Imtihon savollari haqida so‘z yuritar ekan, Firdavs ularning murakkabligi kutilganidan ortiq bo‘lmaganini ta’kidlaydi.

 

Barcha mavzularni ustozim yordamida qunt bilan o‘rgandim. Shu sababli sertifikat savollari men uchun katta qiyinchilik tug‘dirmadi. Umuman olganda, sertifikat olmoqchi bo‘lgan har bir o‘quvchi o‘qituvchisining bergan vazifalarini o‘z vaqtida bajarishi kerak, — deydi u.

 

Maktabdagi darslar va sertifikatga tayyorgarlikni birgalikda olib borish esa undan katta intizom talab qilgan. U bo‘sh vaqtini bekorga sarflamaslikka harakat qilgan, do‘stlari bilan ko‘cha aylanishlarini kamaytirib, ayrim paytlarda uyqu hisobidan ham dars qilishga to‘g‘ri kelgan.

 

Kelajagim haqidagi orzularim meni ko‘proq ishlashga undardi. Dastlab qiyin bo‘ldi, ammo keyinchalik bunga moslashdim, — deya eslaydi Firdavs.

 

Qo‘shmurodov Firdavs Erkinovichning natijalari shuni ko‘rsatadiki, qat’iyat, mehnat va aniq maqsad insonni kutilganidan ham yuksak marralarga olib chiqishi mumkin.

 

Firdavsni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan avval talabalikni naqd qilgan Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Muqimova Lola Avazovna bilan suhbatlashgan edik.