Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Muqimova Lola Avazovna bugun o‘zining qat’iyati, intizomi va cheksiz mehnati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlardan biri. Hozirda u Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi M.S. Vosiqova nomidagi akademik litseyning 2-bosqich 2-guruh bitiruvchisi hisoblanadi.
Lola “Ona” jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan “Mamlakat Vosiqova” stipendiyasi sohibasi hamdir. Eng muhimi, u qo‘lga kiritgan 189 natija orqali Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga hujjat topshirishni maqsad qilgan.
Bu natija ortida uyqusiz tunlar, kuchli intizom, ruhiy sinovlar va to‘xtovsiz harakat yotadi.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
“Bir necha bor muvaffaqiyatsizlikka uchraganman”
Lolaning aytishicha, sertifikat olish yo‘lidagi ilk qadamlar taxminan bir yil avval boshlangan. Dastlab hammasi ham oson kechmagan.
Bir yil oldin sertifikat olish uchun jiddiy harakat qilishni boshladim. Albatta, bir necha bor muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘ldi. Lekin hech qachon harakatdan to‘xtamadim, — deydi u.
Uning fikricha, aynan muvaffaqiyatsizliklar insonni chiniqtiradi va yanada kuchliroq ishlashga undaydi.
“Ba’zi fanlarga 3 oy, ayrimlariga 6 oy tayyorlandim”
Lola har bir fan uchun turlicha vaqt sarflagan. Sababi — fanlar bo‘yicha qiziqish va boshlang‘ich bilim darajasi har xil bo‘lgan.
Ona tili va adabiyot hamda matematika fanlariga ma’lum salohiyatim bo‘lgani uchun 3 oy yetarli bo‘lgan. Lekin murakkabroq fanlarga 6 oygacha vaqt sarflaganman, — deydi u.
Uning aytishicha, bu davrda u kuniga 14–15 soatlab dars qilgan. Ba’zan esa tun bo‘yi uxlamay chiqqan kunlari ham bo‘lgan.
“Avtobusda uxlab qolib, shaharning boshqa chekkasiga borib qolganman”
Maqsad sari qilingan mehnat ba’zan insonni jismonan ham holdan toydiradi. Lola o‘sha kunlardan ayrim voqealarni esga oldi:
Butunlay o‘qishga mukkasidan ketgandim. Matematika fanini o‘qish jarayonida kuniga 12 soatlab dars qilganim uchun darsdan qaytishda avtobusda uxlab qolib, Toshkentning boshqa chekkasiga borib qolgan paytlarim bo‘lgan.
“Meni mas’uliyatsizlikda ayblaganlar ham bo‘lgan”
Har qanday katta maqsad yo‘lida inson turli fikrlar va munosabatlarga duch keladi. Lola ham bundan mustasno emas.
Bir necha muvaffaqiyatsizliklardan keyin menga ishonchsizlik bildirganlar, mas’uliyatsizlikda ayblagan insonlar ham bo‘lgan.
Ammo u bu gaplarni tushkunlik emas, aksincha motivatsiyaga aylantira olgan.
Bu fikrlar meni yanada kuchliroq ishlashga undadi. Inson juda katta natijalarga erishishga qodir ekanini aynan shu davrda angladim, — deydi Lola.
“Natija uchun avvalo intizom kerak”
O‘quvchi muvaffaqiyatning asosiy siri sifatida intizom va ishonchni ko‘rsatadi.
Bunday natijaga erishishda avvalo intizom, undan keyin esa o‘ziga bo‘lgan ishonch kerak.
Uning ta’kidlashicha, maqsad aniq bo‘lmasa, inson yo‘lda tez charchaydi.
Aynan qanday marrani ko‘zlayotganingizni bila olish muhim omillardan biridir. Intizom masalasida esa ijtimoiy tarmoqlar, telefonni kuchli nazoratga olish muhim, — deydi u.
“Ijtimoiy tarmoqlarni kuchli nazorat qilganman”
Bugungi yoshlar uchun eng katta chalg‘ituvchi omillardan biri — telefon va ijtimoiy tarmoqlar. Lola esa bu masalada o‘ziga nisbatan juda qat’iy bo‘lgan.
Men shu kungacha ijtimoiy tarmoqlardan kuchli nazorat bilan qisman foydalandim. Sababi ular meni rivojlanishimga ulkan to‘siq ekanligini anglardim. Ba’zan telefondan ko‘p foydalanganimda o‘zimga qiyin jazolar tayinlar edim. Masalan, kuniga 2 soatdan ko‘p telefondan foydalansam, bir kunda 1ta asar o‘qib tugatishni maqsad qilardim. Hatto tuni bilan uxlamay shu vazifani bajarmaguncha o‘zimni tinch qo‘ymas edim. Bu usullar orqali ma’naviy salohiyatimni ham oshirardim, — deydi u.
“Doim yangi maqsad bilan yashashni yaxshi ko‘raman”
Bugungi kunda Lola o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda. U ayni paytda fransuz va turk tillarini o‘rganishni boshlagan.
Shuningdek, u akademik litsey tomonidan berilgan Toshkent davlat yuridik universitetiga suhbat asosida qabul imkoniyati uchun ham tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Har doim o‘zimni yangi maqsadlar bilan band qilmasam, yangi bilim va salohiyat bilan o‘zimni kashf etmasam, hayotda maroq bilan yashay olmayman, — deydi u.
Lolani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, tibbiyot sohasida o‘qishni maqsad qilgan, 6 ta sertifikat sohibasi Xuramboyeva E’zoza Rustam qizi bilan suhbatlashgan edik.
